date
views 285

Zelenskiy Trampni Ukrainaga chaqirdi: “Qaror qabul qilishdan oldin qurbonlarni ko‘ring”

Zelenskiy Trampni Ukrainaga chaqirdi: “Qaror qabul qilishdan oldin qurbonlarni ko‘ring”
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning CBS News telekompaniyasining «60 daqiqa» dasturiga intervyu berdi va prezident Donald Trampni Rossiya bosqini oqibatlariga shaxsan guvoh bo‘lish uchun Ukrainaga kelishga chaqirdi. Zelenskiy, shuningdek AQSHda «Ukrainadagi urush haqidagi Rossiya narrativlari» ustunlik qilayotganini aytdi va Oq uyning faqat Ukrainaga bosim o‘tkazishga qaratilgan yondashuvini tanqid qildi.

«Biz sizning pozitsiyangizni hurmat qilamiz, lekin iltimos, har qanday qaror qabul qilishdan, har qanday muzokaralar olib borishdan oldin odamlarni, tinch aholini, askarlarni, kasalxonalarni, cherkovlarni, bolalarni ko‘rish uchun keling», – deya Trampni mamlakatiga chorladi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining fikricha, shunda Tramp «kim bilan muomala qilayotgani»ni va «Putin nimalar qilgani»ni anglab yetadi.

Zelenskiy CBS telekanaliga bergan intervyusida Ukraina rasmiylari go‘yoki qo‘llab-quvvatlov olish maqsadida xorij delegatsiyalari uchun «targ‘ibot turlari» tashkil qilayotgani haqidagi da’voga ham izoh berdi. 28 fevral kuni Oq uydagi bahsda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens tomonidan shunday ayblov yangragandi.

Zelenskiy agar Tramp kelishga rozi bo‘lsa, Ukraina uning maxsus tayyorlanmasligiga va’da berdi. «Bu tayyorlangan aktyorlar o‘ynaydigan teatr bo‘lmaydi. Biz bunday ish bilan shug‘ullanmaymiz va bu bizga kerak ham emas. Siz istalgan joyga, hujumga uchragan istalgan shaharga borishingiz mumkin», – deya ta’kidladi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti amerikalik jurnalistlar bilan o‘tgan hafta suhbatlashgan. Intervyu uning tug‘ilgan shahri Kriviy Rihda, Rossiyaning 19 kishi, jumladan, to‘qqiz bola hayotiga zomin bo‘lgan zarbasidan bir hafta o‘tib yozib olingan. Bu intervyu olinganida 13 aprel kuni amalga oshirilgan va 35 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan Sumiga zarba hali berilmagandi.

Zelenskiy «Amerika betaraf bo‘lishni xohlashi noto‘g‘ri» ekani, Tramp esa «kuchli mamlakatning kuchli prezidenti sifatida Ukraina tomonida bo‘lishi kerakligi» haqida gapirgan.

«Afsuski, AQSHda ruscha qarashlar ustunlik qilyapti, deb hisoblayman. O‘ylaymanki, bu dahshat. Qanday qilib bizning qurbonlarimiz va azob-uqubatlarimizga guvoh bo‘la turib, ruslar nima qilayotganini tushuna turib, shu bilan birga, ular tajovuzkor emasligiga, ular bu urushni boshlamaganiga ishonish mumkin? Bu Rossiyaning axborot siyosatining Amerikaga, AQSH siyosatiga va Amerika siyosatchilariga ulkan ta’siridan dalolat beradi», – degan Zelenskiy.

Tramp ma’muriyati vakillari bir necha bor Rossiyani tajovuzkor deb atashdan bosh tortgan, AQSH prezidentining o‘zi esa Ukrainaga qarata shunday degan: «Siz buni boshlamasligingiz kerak edi, siz bitim tuzishingiz kerak edi».

«Kuch orqali tinchlik faqat bir tomonga qo‘llanmoqda»

Zelenskiy, shuningdek, Oq uyning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasini tanqid qilib, AQSH mojaroning faqat bir tomoniga bosim o‘tkazayotganini aytdi.

U Oval kabinetdagi tortishuvdan so‘ng Tramp ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatgani, jumladan, razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni ham bloklaganini eslatgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, natijada Kiyevga Ukraina hududiga Rossiya raketalari uchirilgani haqida ma’lumot kelmay qolgan, bu esa tinch aholi orasida qurbonlar soni keskin oshishiga olib kelgan.

Ukraina AQSHning hech qanday shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, yordam tiklandi.

Moskva, shuningdek, Kiyev va uning g‘arbdagi ko‘plab ittifoqchilari qabul qilib bo‘lmas, deb hisoblagan bir necha qo‘shimcha shartlarni ilgari surdi. O‘shandan beri Tramp va uning safdoshlari Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish bilan bir necha bor tahdid qildi, biroq hozircha aniq qadamlar qo‘yilmadi.

«Menga nimanidir bloklab qo‘yishdi va: „Bor – aks holda biz blokdan chiqarmaymiz va sen qurol, yordam va razvedka ma’lumotlaridan mahrum bo‘lasan“, deyishdi. Menda savol tug‘iladi – Amerika Qo‘shma Shtatlari ruslarga ham shunday qiladimi? O‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ling – aks holda mana sizga sanksiyalar paketi», – deydi Zelenskiy bu borada.

«Rostini aytadigan bo‘lsak, bizga blok qo‘yishdi, keyin ruslarga taklif qilishdi – taklif qilishdi va hech narsani bloklashmadi! Ya’ni, biz kuch orqali tinchlikka erishish haqida gapirganimizda, kechirasiz, shunday bo‘lib chiqadiki, kuch orqali tinchlik faqat bir tomonga va faqat bizning tomonimizga ishlaydi. Va men buni adolatsiz yondashuv deb hisoblayman», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy urushda halok bo‘lgan ukrain harbiylari soni 100 ming ekani haqida gapirmagan

CBS News dasturida kadr ortidagi ovoz Ukrainadagi urush oqibatlari haqida so‘zlagan.

«Maktablarga 1700 hujum, halok bo‘lgan 600 dan ortiq bolalar, tibbiyot muassasalariga 780 hujum, tinch aholi orasida 13 ming va ukrain harbiylari orasida 100 minggacha o‘lim», — deya xabar berilgan ko‘rsatuvda.

Bu ma’lumotlar manbasi keltirilmagan, shuning uchun ayrim tomoshabinlar boshlovchi bunda Zelenskiyning o‘ziga havola bergan deb tushungan. Ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek Rossiyadagi ayrim nashrlarda ham ukrainlar prezidenti go‘yoki ukrain armiyasi yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumotni yangilagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ammo «60 daqiqa» dasturining YouTube kanalida joylashtirilgan intervyuda yo‘qotishlar to‘g‘risida hech qanday gap ketmaganini ko‘rish mumkin.

Fevralda Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morgan bilan intervyuda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon 45 ming atrofidagi ukrain harbiysi halok bo‘lib, 390 ming nafari yaralanganini aytgandi.

CBS News uchun intervyuda Zelenskiy faqat «ukrain xalqi mumkin bo‘lgan eng yuqori narxni to‘layotgani» haqida aytgan.

«Xalqimiz mumkin bo‘lgan eng yuqori narxni to‘lamoqda. Bundan ortiq narx yo‘q. Biz borimizni berdik – moliyaviy jihatdan bor narsamizni. Lekin eng muhimi, biz odamlarimizning hayotini berdik», – degan Ukraina prezidenti.

U Vladimir Putin nafaqat Ukrainani, balki boshqa davlatlarni ham egallab olmoqchi ekaniga ishonchi komil ekanini bildirgan. «Qat’iy turmasak, u uzoqqa boradi, – dedi u. – Bu shunchaki bo‘sh taxmin emas, tahdid haqiqiy. Putinning yakuniy maqsadi – Rossiya imperiyasini tiklash va NATO himoyasi ostidagi hududlarni qaytarib olish. Bularning barchasini inobatga olgan holda, bu jahon urushiga aylanib ketishi mumkinligiga ishonaman».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Trampni Ukrainaga chaqirdi: “Qaror qabul qilishdan oldin qurbonlarni ko‘ring”