date
views 0

Markaziy Osiyolik migrantlar Rossiya o‘rniga Xitoy, Koreya va Yevropani tanlamoqda. Sababi nimada?

Markaziy Osiyolik migrantlar Rossiya o‘rniga Xitoy, Koreya va Yevropani tanlamoqda. Sababi nimada?
Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining Rossiyada mehnat qilishga bo‘lgan qiziqishi oxirgi paytlarda sezilarli darajada pasayib bormoqda. Endi ular ko‘proq Xitoy, Janubiy Koreya, Yaqin Sharq mamlakatlari va Yevropani yangi migratsiya yo‘nalishi sifatida ko‘rishni boshladi. Bu haqda Rossiya hukumati qoshidagi Moliya universitetining professori, migratsiya bo‘yicha ekspert Aleksandr Safonov ma’lum qildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunga asosiy sabab rubl kursining tushib ketishi bo‘lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mehnat migrantlarining daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, Rossiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan migratsiya siyosatidagi cheklovlarning kuchayishi ham ishchilarning bu mamlakatga qiziqishini pasaytirgan.

Ayni paytda, ekspert Markaziy Osiyo respublikalarining o‘zlari ham izchil rivojlanayotganini qayd etgan. Rossiya va Xitoy kompaniyalari o‘z ishlab chiqarish korxonalarini ushbu mamlakatlarga ko‘chirmoqda. Shu tariqa, mintaqada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti va bu ham ko‘plab mehnat migrantlari uchun o‘z mamlakatlarida qolib ishlash imkonini yaratmoqda. Garchi maosh Rossiyadagidan pastroq bo‘lsa-da, ishchilar o‘z mamlakatida yashash orqali transport va turar joy ijarasi xarajatlaridan tejab qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekspertlar 2025 yilda Rossiyadagi mehnat bozoriga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan an’anaviy ishchi kuchi o‘rniga 35 minggacha hindistonlik ishchilar kelishi mumkinligini bashorat qilgan edi. Shu bilan bir qatorda, Rossiya mehnat bozorida Shri-Lanka, Nepal va Bangladeshdan kelayotgan migrantlar soni ham ko‘payib borayotgani ma’lum qilindi.

Rossiyadagi migratsiya yo‘nalishlarida yuzaga kelgan ushbu o‘zgarishlarning kelajakda qanday davom etishi ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Markaziy Osiyolik migrantlar Rossiya o‘rniga Xitoy, Koreya va Yevropani tanlamoqda. Sababi nimada?