
Hindistonning Jammu va Kashmir shtati politsiyasi sayyohlarga qarshi terrorchilik hujumini amalga oshirgan jinoyatchilar haqida ma’lumot berganlarga katta mukofot va’da qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchilar haqida ishonchli xabar bergan kishining shaxsiyati qat’iy sir tutiladi va unga 200 ming rupiy (taxminan 2,3 ming AQSH dollari) pulli mukofot topshiriladi. Terrorchilar qidiruvi haqidagi ma’lumotlar politsiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, jinoyatchilar 22 aprel kuni mamlakatning mashhur sayyohlik markazlaridan biri bo‘lgan Paxalgam shahri yaqinida juda og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan qurolli hujum uyushtirgan. Bu dahshatli hodisa natijasida 26 nafar tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumgan, yana 17 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Hindiston xavfsizlik kuchlarining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur mudhish teraktni jami olti nafar qurollangan jangari amalga oshirgan. Ular Baysaran vodiysida sayyohlar harakatlanayotgan so‘qmoqqa yaqinlashib, hech qanday ogohlantirishsiz o‘t ochgan. Ushbu terrorchilik harakati uchun mas’uliyatni «Kashmir qarshiligi» deb nomlangan qurollangan guruh o‘z zimmasiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur hujum sababli ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohatlar olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu hamda bosh vazir Narendra Modiga ta’ziya bildirgan edi.
Hozirda terrorchilarni qidirish ishlari faol davom etmoqda va xavfsizlik kuchlari aholidan bu borada har qanday yordamni so‘ramoqda. Hindiston hukumati mazkur fojiaga sabab bo‘lganlarni tez fursatlarda topib, jazoga tortishga ahd qilganini bildirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar