
Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask va AQSH moliya vaziri Skott Bessent o‘tgan hafta Oval kabinetda prezident Donald Tramp va boshqa amaldorlar huzurida keskin janjallashib ketdi. Bu haqda voqeaning ikki guvohi va uch nafar manbaga tayangan holda Axios nashri xabar berdi.
Ushbu hodisa guvohlaridan biri voqeani «O‘rta yoshdagi ikki milliarder Oq uyning G‘arbiy qanotini restling maydoniga aylantirib yubordi», deb tasvirladi. Shuningdek, guvohning ta’kidlashicha, ular o‘zaro haqoratlarga ham yo‘l qo‘ygan.
Janjal shu darajada kuchayib ketganki, Mask va Bessentning o‘rtasiga ularni tinchlantirish uchun yordamchilardan biri aralashishga majbur bo‘lgan. Axios'ning ta’kidlashicha, ushbu tortishuv shu kuni Donald Tramp bilan uchrashuvga kelgan Italiya bosh vaziri Jorja Melonining ham qulog‘iga yetib borgan. «Bu haqiqiy tomosha bo‘ldi. Ular juda baland ovozda bahslashishdi», — degan yana bir manba.
Janjalga Soliq xizmati rahbari lavozimiga kimni tayinlash masalasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Prezident Tramp Ilon Maskning tavsiyasi bilan Gari Sheplini Soliq xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi qilib tayinlagan. Ammo Skott Bessent bu lavozim uchun moliya vaziri o‘rinbosari Maykl Folkender nomzodini ko‘rsatgan va Mask uning ortidan ish qilganidan qattiq jahli chiqqan.
Axios'ning qayd etishicha, mazkur bahs Tramp ma’muriyatidagi yuqori lavozimdagi amaldorlar Ilon Maskning ish uslubidan qanchalik norozi ekanliklarini ko‘rsatib bergan. «Bu yerda gap faqat kimning haqligi yoki nohaqligi emas. Asosiy masala nazorat va hokimiyat masalasi», — deb ta’kidlagan nashr manbasi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyining boshlarida Ilon Mask va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida ham shu kabi nizo sodir bo‘lgan edi. O‘sha bahs davomida Donald Tramp hech qanday munosabat bildirmay, shunchaki tomoshabin bo‘lgan va bahs juda cho‘zilib ketganidan so‘nggina «Rubio ajoyib ish qilyapti», deb qisqagina munosabat bildirgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar