date
views 417

Pokiston Hindiston bilan urushga tayyorligini rasman ma’lum qildi

Pokiston Hindiston bilan urushga tayyorligini rasman ma’lum qildi
Pokiston mudofaa vazirligi Hindiston bilan urush qilishga tayyor ekanligini ochiq e’lon qildi. Bu haqda vazirlik o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida rasmiy xabar joyladi.

Mazkur murojaatda Pokiston Hindistonning ma’lum bir hududini vayron qilish bilan tahdid qildi. Shu bilan birga, vazirlik o‘z sahifasiga raketa uchirish jarayoni tasvirlangan videoni ham joylashtirgan.

«Rahmat, Modi (Hindiston bosh vaziri Narendra Modi nazarda tutilgan), sen butun millatimizni birlashtirding. Urushni xohlaysanmi? Pokiston tayyor!», deyiladi vazirlikning bayonotida.

Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif o‘z navbatida ushbu vaziyat dunyo hamjamiyatida xavotir uyg‘otishi kerakligini ta’kidladi.

«Hindiston va Pokiston kabi ikki yadro quroliga ega davlat o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi butun dunyo uchun xavf soladi. Bu ziddiyat yirik ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkin», dedi vazir Asif. U shu bilan birga, mavjud mojaroni muzokara yo‘li bilan hal qilish mumkinligiga ham umid bildirdi.

Nizo keskinlashuvining sababi nima edi?

Hindiston va Pokiston munosabatlari shu yilning 22 aprelida keskin yomonlashdi. Shu kuni bahsli hudud sanalgan Jammu va Kashmirda terrorchilar tomonidan tinch aholi va sayyohlarga nisbatan qonli hujum sodir etilgan. Terakt oqibatida 27 kishi qurbon bo‘lgan bo‘lib, ulardan 25 nafari Hindiston fuqarolari edi. Hujum uchun javobgarlikni «Kashmir Resistans» terrorchilik guruhi o‘z bo‘yniga olgan.

Mazkur voqeadan so‘ng Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston fuqarolaridan mamlakatni tezda tark etishni talab qildi. Hindiston hukumati Pokistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, qator qat’iy choralar ko‘rdi. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi Attari chegara nazorat punkti yopildi. Shuningdek, 1960 yilda tuzilgan Hind daryolari suvlaridan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv darhol to‘xtatildi.

Pokiston fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi bekor qilindi va avval berilgan barcha vizalarning amal qilish muddati to‘liq tugatildi. Hindiston hududidagi pokistonliklarga 48 soat ichida mamlakatni tark etish topshirildi. Bundan tashqari, Pokistonning harbiy maslahatchilariga mamlakatni bir hafta muddatda tark etish talabi qo‘yildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pokiston Hindiston bilan urushga tayyorligini rasman ma’lum qildi