date
views 139

Rossiyada neft zavodidagi mudhish teraktning oldi olindi: tafsilotlar

Rossiyada neft zavodidagi mudhish teraktning oldi olindi: tafsilotlar
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari Nijniy Novgorod viloyatidagi neft-kimyo zavodida rejalashtirilgan terrorchilik hujumini bartaraf etdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, bu teraktni amalga oshirishga Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan ikki shaxs tayyorgarlik ko‘rgan. Ular qo‘lga olish amaliyoti paytida qarshilik ko‘rsatgan va javob o‘qlari bilan yo‘q qilingan.

Xabarda qo‘lga olingan xorijliklarning qaysi mamlakat fuqarolari ekani ma’lum qilinmagan. Ular Rossiyada faoliyati taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti g‘oyalariga ergashgani ta’kidlangan.

«Xorijliklar Ukrainadagi kuratordan ko‘rsatma olib, neft-kimyo korxonasiga qarshi qo‘poruvchilik va terrorchilik hujumi rejalashtirgan edi. Ular bu amaliyot uchun portlovchi qurilmalar bilan jihozlangan FPV-dronlardan foydalanishni ko‘zlagan. Qo‘lga olish paytida qurolli qarshilik ko‘rsatgan va o‘qqa tutilib zararsizlantirilgan», deyiladi FXX bayonotida.

Voqea joyidan xorijda ishlab chiqarilgan portlovchi kallaklari o‘rnatilgan ikkita dron, Kalashnikov avtomati va Makarov to‘pponchasi topilgan. Shuningdek, terakt tayyorlagan shaxslarning telefonlarida kurator bilan yozishmalar hamda qurol va dronlar saqlangan yashirin joy koordinatalari aniqlangan.

Hozirda FXX Tergov boshqarmasi ushbu qo‘poruvchilik urinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada neft zavodidagi mudhish teraktning oldi olindi: tafsilotlar