
Eronning Islomshahr shahrida otaning shafqatsizligi oqibatida dahshatli jinoyat sodir bo‘ldi. 18 yoshli Fotima Sultoniy yashirincha ayollar go‘zallik salonida ishlagani uchun o‘z otasi tomonidan o‘ldirildi, deb xabar bermoqda Iran Wire.
Ma’lum bo‘lishicha, Fotima otasining qattiqqo‘l va zo‘ravon xatti-harakatlaridan qo‘rqib, go‘zallik salonida sir saqlab ishlagan va mustaqil hayot kechirgan.
Otasi esa qizining ish joyini Instagram ijtimoiy tarmog‘ida tasodifan topgan va o‘zini mijoz sifatida ko‘rsatib, go‘zallik saloniga borgan. Qiz tashqarida otasini ko‘rgan zahoti qattiq xavotirlanib, onasiga telefon qilib maslahat so‘ragan.
Ayollar huquqlari faoli Pardis Rabieiyning ta’kidlashicha, guvohlar otaning salonga pichoq bilan kirib, hamma ko‘z o‘ngida qiziga bir necha marta pichoq sanchganiga shohid bo‘lgan. Hatto u qizining sochidan ushlab, boshini tanasidan ajratib olishga harakat qilgan. Biroq atrofdagilar qichqirib yuborganidan keyin jinoyatchi voqea joyidan qochgan. Keyinroq u rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib: “Seni shu qayg‘u bilan qoldirdim”, deya aytgan.
HRANA axborot agentligining xabar berishicha, jinoyatchi tez orada qo‘lga olingan va unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.
Etemad gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning mart—sentyabr oylari oralig‘ida Eronda 78 nafar ayol qarindoshlari tomonidan o‘ldirilgan. Shargh nashri esa 2021 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida kamida 165 nafar ayol oiladagi erkaklar tomonidan hayotdan mahrum qilinganini yozgan. Mamlakatda bunday holatlar bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilinmagan. Mutaxassislar fikricha, keltirilgan raqamlar faqat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan holatlarni aks ettiradi va haqiqiy ko‘rsatkichlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar