date
views 820

Yaponiyada 7 dollar tufayli haydovchi ishdan va nafaqadan mahrum qilindi

Yaponiyada 7 dollar tufayli haydovchi ishdan va nafaqadan mahrum qilindi
Yaponiyada 29 yil mobaynida avtobus haydovchisi bo‘lib ishlagan shaxs atigi 7 dollar o‘g‘irlagani uchun nafaqat ishidan, balki 84 ming dollar miqdoridagi pensiya nafaqasidan ham mahrum etildi. Bu haqda CBS News axborot agentligi xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yili Kioto shahar munitsipal transport byurosi xodimlari kuzatuv kameralari tasvirlarini ko‘zdan kechirish paytida avtobus haydovchilaridan biri yo‘lovchi tomonidan yo‘l haqi sifatida berilgan 1000 yuanlik (taxminan 7 AQSH dollari) kupyurani kassa apparatiga solmasdan, o‘z hamyoniga yashirib qo‘yganini aniqlashgan. Boshliq bilan uchrashuv paytida haydovchi o‘z aybini tan olmagan.

Shundan so‘ng, haydovchi lavozimidan ozod qilingan. Bundan tashqari, unga ajratilgan 84 ming dollarlik pensiya nafaqasi ham bekor qilingan. Erkak o‘z huquqini tiklash maqsadida Kioto shahar sudiga murojaat qilgan, biroq dastlabki sud jarayonida mag‘lub bo‘lgan.

Apellyatsiya sudi haydovchiga belgilangan jazoni haddan ortiq qattiq deb topib, uni bekor qilgan. Lekin Yaponiya Oliy sudi ilk qarorni qayta tiklab, hukumat pozitsiyasini ma’qullagan. Sud qarorida ta’kidlanishicha, haydovchining bu xatti-harakati jamoatchilikning mahalliy jamoat transporti tizimiga bo‘lgan ishonchiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu haydovchi o‘z mehnat faoliyati davomida ilgari ham bir necha marta nizoli holatlarga tushib qolgan va hayfsanlar olgan. Masalan, u avtobus bo‘sh bo‘lgan paytda xizmat vaqtida tamaki chekkani uchun ham jazolangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada 7 dollar tufayli haydovchi ishdan va nafaqadan mahrum qilindi