
So‘nggi kunlarda ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston Rossiya bilan chegara hududlariga harbiy kuchlarini joylashtirayotgani va mojaro ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rasmiy munosabat bildirdi, deya ma’lum qildi «Stopfake.kz».
Ayrim nashrlar, xususan, RTVI va «Xartiya 97%» portallari Qozog‘iston Rossiya bilan chegara hududlarida hududiy mudofaa brigadalarining katta guruhini joylashtirishni boshlagani va bu harakat go‘yoki ikki davlat o‘rtasida mojaro chiqishi ehtimoli bilan bog‘liq ekani haqida xabar tarqatgan edi.

Tarqalgan xabarlar
Qozog‘iston Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, hozirda ishlab chiqilayotgan «Hududiy mudofaa to‘g‘risida»gi qonun loyihasi mamlakatning ichki xavfsizligini kuchaytirish maqsadini ko‘zlaydi. Bu qonun milliy xavfsizlik tizimini zamonaviy talablarga moslashtirish, aholi, muhim infratuzilma obyektlari va davlatning hududiy yaxlitligini har qanday favqulodda vaziyatda himoya qilishni maqsad qiladi.
Vazirlikning qayd etishicha, hududiy mudofaa kuchlarini shakllantirish jarayoni tashqi xavflarga javoban emas, balki mamlakat hududlarining logistika, demografiya va geografik xususiyatlari asosida rejalashtirilgan holda amalga oshirilmoqda.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ishlab chiqilgan qonun loyihasi hech bir davlatga qarshi qaratilmaganini, uni harbiy tahdid sifatida talqin qilish noto‘g‘ri ekanini alohida urg‘ulagan.
Shuningdek, 24 aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi Qozog‘istonning eng yaqin strategik sherigi va ishonchli ittifoqchisi ekanini yana bir bor tasdiqladi. Davlat rahbari, shuningdek, mamlakatda millatlararo totuvlikni buzishga qaratilgan har qanday fitna va provokatsiyalarga keskin chora ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
“Rossiya Qozog‘istonning asosiy strategik hamkori va ishonchli ittifoqdoshi bo‘lib qolmoqda. Millatlararo totuvlikka putur yetkazishga qaratilgan har qanday ig‘vo va provokatsiyalarga qarshi qat’iy chora ko‘riladi.”
Bu bayonot orqali rasmiy Nur-Sulton har qanday noto‘g‘ri talqinlarga yo‘l qo‘ymasligini ko‘rsatdi.
Hududiy mudofaa tizimi — har qanday mamlakat uchun zarur ichki xavfsizlik kafolati. Uni tashqi urush sifatida talqin qilish — noto‘g‘ri tushuncha, yoki shunchaki manipulyatsiya bo‘lishi mumkin. Qozog‘iston rasmiylari vaziyatga ochiq va aniq bayonot berdi — hech qanday mamlakatga qarshi tayyorgarlik yo‘q, asosiy maqsad — ichki barqarorlik.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona va ittifoqchilik munosabatlari uzoq yillik tarixga ega. Ikki davlat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilib keladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar