
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff Kremlda navbatdagi muzokaralarni o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. Tomonlar uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi muhim masalalar va Ukraina bo‘yicha Donald Tramp taklif qilgan tinchlik rejasini muhokama qilgan.
Putin bilan uchrashuvdan tashqari, Uitkoff prezidentning yordamchisi Yuriy Ushakov hamda Rossiyaning investitsiya va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan ham muloqot o‘tkazgan. Uchrashuvdan oldin amerikalik diplomat Dmitriyev bilan birga Moskva markazida qisqa sayr uyushtirgani ham aytilmoqda, deb xabar berdi «Interfaks».
Eslatib o‘tamiz, Stiv Uitkoff AQSH tomonidan Rossiya bilan asosiy muzokarachi sifatida ish olib bormoqda va bu uning Vladimir Putin bilan o‘tkazgan to‘rtinchi uchrashuvidir. Ular oxirgi marta joriy yilning 11 aprel kuni Sankt-Peterburg shahrida muloqot qilgan edi.
Biroq Moskva Donald Tramp tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik taklifini qanday baholashi haqida hali ham ochiq pozitsiya bildirgani yo‘q. Rossiya rasmiylari ham, ommaviy axborot vositalari ham bu rejaning asosiy jihatlari borasida ma’lumotlarni e’lon qilmayapti. Kreml vakili Dmitriy Peskov muntazam ravishda muzokaralarning yopiq formatda olib borilishi kerakligini ta’kidlab kelmoqda. Shu bilan birga, Rossiyaning bir jihat bo‘yicha pozitsiyasi aniq: Moskva Yevropa mamlakatlarining Ukraina hududida tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish rejasiga qat’iy qarshi chiqmoqda.
Ayni vaqtda, Amerikadagi CBS telekanali Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan bo‘lib o‘tgan intervyudan qisqa parcha e’lon qildi. To‘liq suhbat efirga yakshanba kuni uzatiladi. Intervyuda Lavrov Trampning «tomonlar to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani» haqidagi fikrini tasdiqlagan va Rossiyaning «bitimga tayyor ekanligi», ammo bu kelishuvning ayrim jihatlari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilishini urg‘ulagan. Lavrov hozirda ikki tomon bu masalalar ustida ish olib borayotganini ta’kidlagan.
Hozircha ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralarning yakuniy natijalari nima bo‘lishi noma’lum. Ammo oxirgi vaqtlardagi faol diplomatik harakatlar Moskva va Vashingtonning Ukraina bo‘yicha kelishuvga yaqinlashganini ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar