date
views 301

“Donald Tramp O‘zbekistonga taklif qilindi” – AQSH elchisi

“Donald Tramp O‘zbekistonga taklif qilindi” – AQSH elchisi
Foto: AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, prezidentning maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya AQSHga safari chog‘ida prezident Mirziyoyevning Donald Trampga tashrif taklifini yetkazgan. AQSH elchisi Jonatan Henikka ko‘ra, Oq uy bundan mamnun va taklifni jiddiy o‘rganmoqda. Mustaqillikka 30 yildan ortiq vaqt o‘tarkan, AQSH prezidenti mintaqaga kelishi uchun hozir eng to‘g‘ri payt, deya qo‘shimcha qildi Henik.

Saidov va Komilov orqali Donald Tramp O‘zbekistonga taklif qilindi

AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik 24 aprel kuni matbuot vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Elchi dastavval Vashinton–Toshkent aloqalari, bugungi hamkorlik kun tartibiga to‘xtaldi. Hech qachon bu qadar yaqin bo‘lmaganmiz, deydi Henik. Uning qo‘shimcha qilishicha, oxirgi yillarda O‘zbekiston fuqarolari maksimal darajadagi yuklama bilan AQSH vizasi uchun ariza topshirmoqda, konsullik ham maksimal darajada ko‘p vizalarni tasdiqlagan. Prezident Donald Tramp ma’muriyati bilan esa muloqot maromida davom etmoqda. Ayniqsa, ma’muriyatdagilar muhojirlarni deportatsiya qilishdagi hamkorligi uchun O‘zbekiston hukumatidan mamnun.

Markaziy Osiyo respublikalari mustaqil bo‘lganiga 30 yildan oshdi. Biroq uzoq o‘tgan davr mobaynida biror AQSH prezidenti Markaziy Osiyoga kelmagan. Prezident Jo Bayden muddatining oxirida Qozog‘iston yoki O‘zbekistonga kelishi mumkinligi haqida siyosiy doiralarda gap bor edi, biroq u mintaqaga tashrif buyurmadi. Donald Trampga esa O‘zbekiston delegatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrif taklifini yetkazgan. Oq uy bu taklifdan juda mamnun, deydi elchi Jonatan Henik.

“Xo‘sh, tashqi ishlar vaziri Saidov ham, prezident maxsus vakili Komilov ham Vashingtonda bo‘lganlarida prezident Trampni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qilishdi, ehtimol «S5+1» sammitiga qatnashish bilan birga. Oq uy bundan juda xursand bo‘lganini bilaman. Bu taklifni qabul qilish uchun va ishonchim komilki, ular buni yaqindan o‘rganmoqda. Men sizning fikringizga qo‘shilaman, ammo savolning asosi nuqtayi nazaridan, rostdan ham 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi va menimcha, hozir AQSH prezidentining mintaqaga tashrif buyurishi uchun to‘g‘ri vaqt”, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

“O‘zbekistonni YEI bilan aloqalarni shunday davom ettirishga undaymiz” – elchi Lavrovning gaplariga munosabat bildirdi

Jonatan Henik shu oy boshida Samarqandda imzolangan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik hamkorlik xususida gapirarkan, AQSH buni to‘g‘ri tushunishini va qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Kun.uz jurnalistining Rossiya TIV Sergey Lavrov YEIning Markaziy Osiyoda hukmronlikka intilish haqidagi gapi ortidan yuzaga kelgan muhokamalar haqidagi savoliga elchi javob berarkan, O‘zbekiston har tomonlama bu munosabatlarga munosib ekanini ta’kidladi.

- Janob elchi, biz yaqindagina YEIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari bilan intervyu o‘tkazdik va elchi fikricha, YEI eksklyuziv aloqalarga intilmayapti. Biroq Rossiya TIV buni ittifoqning mintaqada hukmronlikka intilishi, deya qabul qilmoqda. Bunga va strategik hamkorlik shartnomasiga AQSHning reaksiyasi qanday bo‘ladi?

“O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari bilan ham, AQSH bilan ham, Yevropa Ittifoqi bilan ham yaxshi munosabatlarga ega. AQSH bu strategik hamkorlikni to‘g‘ri tushunadi va albatta, qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun biz O‘zbekistonni qo‘shnilari, Yevropa Ittifoqi bilan yaxshi va do‘stona munosabatlarni shunday davom ettirishga undaymiz va bu O‘zbekistonning AQSH bilan mustahkam munosabatlariga to‘liq mos keladi deb o‘ylaymiz”, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

“Noqonuniy ishlash uchun endi boshpana berilmaydi”

Jonatan Henik davra suhbatida yangi ma’muriyatning migratsiya siyosatiga ham to‘xtaldi. Albatta, AQSH darvozalari endi muhojirlar uchun lang ochiq emas. Lekin qonuniy ravishda bu mamlakatga borayotgan sayyohlar, ishchilar, talabalar va biznes doira vakillarini Tramp jamoasi olqishlaydi, deydi elchi.

“Endi bu anchagina cheklangan bo‘ladi. Aslida AQSHga sayohat qilish uchun qonuniy vositalar mavjud. O‘tgan yili mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari AQSHda ta’lim olayotgani faktini eshitganimizdan xursand bo‘ldik. Biz bu raqam o‘sishini kutamiz. O‘zbek talabalari BMTda ham ishlashi kerak deb o‘ylaymiz. Biroq hozir chet el fuqarolarining AQSHda ishlash imkoniyatlari cheklangan, chunki chegaradan beruxsat, noqonuniy o‘tganlarni juda ko‘p ko‘rdik. Tramp davrida ishlash uchun endi boshpana so‘rash imkoni bo‘lmaydi”, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonda savdo tariflarini muhokama qilmagan

Donald Tramp aprel oyi boshida butun dunyo mamlakatlari uchun yangi savdo tariflarini e’lon qildi. Ularning ichida O‘zbekiston ham bor va tovarlarga 10 foizlik tarif joriy qilingan. Mahalliy ekspertlar savdo tariflari O‘zbekiston iqtisodiyotiga bevosita jiddiy ta’sir qilmasligi, lekin O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklariga bo‘ladigan ta’sir ortidan davlat iqtisodiyoti zarar ko‘rishi mumkinligini prognoz qilgan. AQSH elchisiga ko‘ra, Vashingtonga borgan O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiylar bilan savdo tariflarini olib tashlashni muhokama qilmagan.

- Janob elchi, AQSHga borgan O‘zbekiston delegatsiyasi savdo tariflarini bekor qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib bordimi?

“Adashmasam, O‘zbekistonga nisbatan qo‘llangan tariflar darajasi barcha mamlakatlarga nisbatan qo‘llangan eng past tariflar qatoriga kiradi. Bu men Vashingtonda qatnashgan uchrashuvlarda muhokama qilingan masala emas edi. Lekin ayni paytda men Vashingtonda delegatsiya borligini bilaman. O‘ylaymanki, vazir Qo‘chqorov, prezident vakili O‘runov Vashingtonda XVJ va Jahon banki bilan muzokaralarda bo‘lib, AQSH rasmiylari bilan ham ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishadi va men savdo tariflar ular potensial muhokama qiladigan masalalardan biri bo‘lishini taxmin qilyapman”, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

“Demokratiya va inson huquqlari siyosati deyarli o‘zgarmaydi”

AQSHda Donald Tramp prezidentlikka qayta saylanar ekan, bu davlat avtoritarizm tomon ildamlamoqda. Ayniqsa, uning 3-muddatga ham saylanish uchun konstitutsiyani o‘zgartirishi borasida gap-so‘zlar liberalizm qadriyatlari tomiriga bolta uradi. Shunday sharoitda dunyodagi liberal g‘oyalar, inson huquqlari va so‘z erkinligi donorligi ham soya ostida qolmoqda. Elchi Henikka ko‘ra, bu AQSHning doimiy siyosati. Demokratlar ham, respublikachilar ham buni Vashington siyosatidan yulib tashlamaydi. Lekin shakl o‘zgarishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi elchi.

“Men Davlat departamentida 30 yildan ortiq diplomat bo‘lib ishladim, jumladan, Respublikachilar va Demokratlar ma’muriyatlari davrida. Shu vaqt mobaynida inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi har doim biz har bir mamlakatda qilmoqchi bo‘lgan ishimizning bir qismi bo‘lib kelgan. Bular bizning hukumatimiz, Amerika xalqi uchun asosiy qadriyatlardir. Bu shunchaki ixtiyoriy ravishda qilinadigan ish emas, bu bizning kimligimizni aks ettiradi. Menimcha, bu davom etadi, lekin boshqa shaklda. Tramp va davlat kotibi Rubioga ko‘ra, inson huquqlari tashqi siyosatimizning muhim qismi bo‘lib qolishi bilan birga boshqa sohalarga, jumladan, milliy xavfsizlik bo‘yicha ishlarga yanada yaqinroq integratsiya qilinishi lozim”, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

AQSH «Tolibon» hukumatini tan olishni rejalamayapti

Afg‘oniston O‘zbekistonning qo‘shnisi va tinch Afg‘oniston mintaqa barqaror rivoji uchun muhim. 2021 yilning avgustida hokimiyatga kelgan «Tolibon» hukumatini hali biror davlat rasman tan olmadi, biroq muloqot davom etmoqda. Donald Tramp prezidentlikka qaytgach, Afg‘onistonda qolgan harbiy texnikalarni ortga qaytarishini e’lon qildi. Medianing «Tolibon»ni tan olish haqidagi savollariga u javob bermay kelmoqda. AQSH elchisiga ko‘ra, bu mavzuda hech nima o‘zgarmaydi. Vashington toliblarni tan olishni rejalamayapti.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Donald Tramp O‘zbekistonga taklif qilindi” – AQSH elchisi