
«Titanik» kemasining eng mashhur yo‘lovchilaridan biri, polkovnik Archibald Greysining kemadan turib yozgan maktubi Londondagi auksionda 300 ming funt sterlingga sotildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar tarqatdi. E’tiborlisi, sotuvdan avval ushbu lotning taxminiy bahosi atigi 60 ming funtga baholangandi. Kimoshdi savdosida lotning narxi taxmin qilinganidan besh barobar ko‘proqqa ko‘tarildi.
Ma’lum qilinishicha, bu maktub «Titanik» bortidan yozilgan va shu vaqtgacha saqlanib qolgan maktublar orasida rekord narxga sotilgan eng qimmati hisoblanadi.

Maktub auksionga qo‘yilishidan oldin hech qachon keng ommaga namoyish etilmagan. U 1912 yilning 10 aprel sanasida yozilgan bo‘lib, aynan shu kuni Greysi mashhur kemaning bortiga ko‘tarilgan. Archibald Greysi o‘zining maktubida: «Bu juda ham ajoyib kema ekan, lekin unga yakuniy xulosa berishdan oldin safarim tugashini kutishni afzal ko‘raman», deb yozgan edi.
Ushbu xat polkovnikning yaqin tanishiga, ya’ni uni auksionga qo‘ygan insonning bobosining akasiga yo‘llangan bo‘lib, xatni qabul qilgan shaxs o‘sha vaqtda Londondagi Waldorf mehmonxonasida yashagan.
Archibald Greysi «Titanik» fojiasi davrida omon qolgan eng mashhur yo‘lovchilardan biri sifatida tarixda qolgan. Halokatdan so‘ng u fojia haqida kitob yozishga qaror qilgan va tirik qolgan boshqa yo‘lovchilar bilan suhbatlashib, ularning xotiralarini yig‘gan. Uning «Titanik haqidagi haqiqat» nomli kitobi bugungi kungacha ham dunyo bo‘ylab sotilmoqda.
Ma’lumot uchun, Archibald Greysi «Titanik» fojiasidan taxminan sakkiz oy o‘tib, ya’ni 1912 yilning 4 dekabr kuni olamdan o‘tgan. Uning yozgan kitoblari va esdaliklari esa tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, bugungi kunda ham «Titanik» haqidagi eng muhim manbaalardan biri sifatida tan olinadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar