date
views 1 136

Dubayga boruvchi sayyohlar uchun yangi talablar qo‘yildi

Dubayga boruvchi sayyohlar uchun yangi talablar qo‘yildi
Birlashgan Arab Amirliklarining eng mashhur sayyohlik markazlaridan biri bo‘lgan Dubay amirligi sayyohlar va mahalliy aholining salomatligini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun qabul qildi. Endilikda amirlikka tashrif buyuruvchi har bir shaxs o‘z sog‘lig‘i haqidagi ishonchli ma’lumotlarni taqdim etishi va sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilishi talab qilinadi. Bu haqda Gulf News nashri xabar bermoqda.

Yangi qabul qilingan qonun talablariga muvofiq, Dubayga keluvchi har bir shaxs rasmiy sanitariya protokollariga so‘zsiz amal qilishi lozim bo‘ladi. Ayniqsa, yuqumli kasallik bilan kasallangan yoki uni yuqtirgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan fuqarolarga alohida diqqat-e’tibor qaratiladi.

Qonunga ko‘ra, sayyohlar orasida yuqumli kasallik alomatlari kuzatilganida ular zudlik bilan tegishli organlarga xabar berishi, tibbiy niqob taqishi va ijtimoiy masofani saqlashi kerak. Shuningdek, yangi hujjat bilan aholi va tibbiyot muassasalari uchun ham qat’iy talablar belgilangan.

Yuqumli kasallikka chalingan yoki uni yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarga kasallik holatini yashirish, shuningdek, Dubay Sog‘liqni saqlash boshqarmasining rasmiy ruxsatisiz yashash joyini tark etish qat’iyan taqiqlanadi. Ular boshqa shaxslar bilan muloqotga kirishmasligi va vakolatli tibbiyot organlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishi talab qilinadi.

«Dubay amirligida jamoat salomatligi to‘g‘risida»gi yangi 5-sonli qonun BAAning vitse-prezidenti, bosh vaziri va Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Al Maqtum tomonidan imzolangan.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 90 kun o‘tgach kuchga kiradi. Hujjat amalda bo‘lgan va unga zid bo‘lgan oldingi barcha qonunchilik normalarini bekor qiladi.

Qonunning samarali ijrosi uchun davlat va xususiy sektorlar o‘rtasida yaqin hamkorlik va faol harakat qilish talab qilinadi. Bu esa, o‘z navbatida, Dubayda aholi salomatligini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlaydi va sayyohlar uchun xavfsiz muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dubayga boruvchi sayyohlar uchun yangi talablar qo‘yildi