
Tailand qirolligi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatga kirishning yangi elektron tizimi ishga tushganini rasman e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning 1 may sanasidan boshlab, Tailandga tashrif buyuradigan barcha xorijiy fuqarolar elektron kirish kartasini (Thailand Digital Arrival Card, TDAC) olishlari majburiy bo‘ladi. Ushbu elektron kartani mamlakatga yetib kelishdan 3 kun avval maxsus onlayn platforma orqali rasmiylashtirish talab etiladi.
«Shu munosabat bilan Tailandga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan barcha o‘zbekistonlik fuqarolardan mazkur o‘zgarishlarni inobatga olishlarini hamda belgilangan tartibga amal qilishlarini so‘raymiz», — deyiladi vazirlik murojaatida.
Ma’lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz, 2024 yil 15 iyuldan boshlab Tailand qirolligi hukumati O‘zbekiston bilan bir qatorda jahonning 93 mamlakati fuqarolari uchun muddati 60 kungacha bo‘lgan vizasiz kirish rejimini rasman joriy qilgan edi.
Endilikda vizasiz sayohat qilish bilan bir qatorda, elektron kirish kartasini ham oldindan to‘ldirish talab etiladi. Bu jarayonni o‘z vaqtida amalga oshirish orqali mamlakat chegarasidan o‘tishdagi kechikish va noqulayliklarning oldini olish mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar