
Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan muhim rezolyutsiya bir ovozdan tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Mazkur rezolyutsiya «Barqaror o‘rmon xo‘jaligi asosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar dekadasi» deb nomlanib, butun dunyo mamlakatlarini atrof-muhitni asrab-avaylash, yashil maydonlarni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan harakatlarni birlashtirishga chaqirmoqda.
Qayd etish kerakki, ushbu global hujjatni 80 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi va uning hammualliflari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bir qatorda, Rossiya, Ozarboyjon, Germaniya, Avstriya, Finlandiya, Portugaliya, Hindiston, Eron, Pokiston, BAA, Qatar, Bahrayn, Braziliya kabi yirik davlatlar ham bor.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili» dasturi, «Yashil makon» milliy loyihasi hamda «Markaziy Osiyo Yashil kamar» daraxt ekish aksiyasi kabi muhim tashabbuslarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Qabul qilingan rezolyutsiya 2027 yildan 2036 yilgacha bo‘lgan davrni O‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar dekadasi deb e’lon qildi. Shu bilan birga, ushbu muddat mobaynida butun dunyodagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillarini resurslarini birlashtirishga va bu sohadagi chora-tadbirlarni kuchaytirishga chaqiradi.
Eslatib o‘tish kerak, 2023 yilda ham Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan tasdiqlangan edi.
O‘zbekistonning ushbu xalqaro darajadagi tashabbusi nafaqat mamlakat, balki butun dunyoda atrof-muhitni asrash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar