date
views 151

Hindiston terrorchilikka aloqador gumonlanuvchilarning uylarini buzib tashladi

Hindiston terrorchilikka aloqador gumonlanuvchilarning uylarini buzib tashladi
Hindiston hukumati Kashmirdagi terrorchilik hujumlariga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarga tegishli bo‘lgan kamida 10 ta uyni vayron qildi. Bu haqda BBC axborot agentligi xabar berdi.

Terrorizmda ayblanayotganlarga qarashli uylarni buzish 29 aprel kuni maxsus kuchlar tomonidan namoyishkorona tarzda boshlangan. Shu bilan birga, mahalliy hokimiyat bu harakatlarni rasman Baysaron vodiysidagi terakt bilan bog‘lashdan o‘zini tiymoqda. Ammo terrorchilikka qarshi boshlangan reydlar doirasida hozirgacha 1500 dan ortiq odam qo‘lga olingan.

Shuningdek, bugun Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif juda jiddiy bayonot bilan chiqish qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonning Pokiston hududiga harbiy bostirib kirishi «endi muqarrar bo‘lib qoldi». Pokistonlik vazir mamlakat bu borada oldindan choralar ko‘rayotganini va hamkor davlatlar bilan maslahatlashuvlar olib borayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Kashmirdagi Baysaron vodiysida jangarilar sayyohlarga qarshi qurolli hujum uyushtirgan edi. Ushbu mudhish hodisa natijasida Hindistonning 25 nafar fuqarosi va bir nafar Nepallik halok bo‘ldi. Hujum uchun mas’uliyatni Pokistonda faoliyat olib boruvchi va Hindiston nazoratidagi Kashmir hududida harakat qiluvchi “Lashkar-i-Toyba” tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lgan «Qarshilik fronti» guruhi o‘z zimmasiga olgan. Mazkur tashkilot Pokistonda ham, Hindistonda ham rasman taqiqlangan. Ammo Hindiston hukumati bu terrorchi guruhni Pokiston rasmiylari qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblamoqda.

Teraktdan keyin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi va bir qator cheklovlar joriy qilindi. Hindiston va Pokiston o‘zaro vizalarni bekor qildi, diplomatik vakolatxonalardagi xodimlar soni kamaytirildi. Hindiston esa 1960 yilda imzolangan “Hind suvlari” shartnomasini ham bir tomonlama to‘xtatib qo‘ydi. Javob tariqasida Pokiston o‘z havo hududini Hindiston aviakompaniyalari uchun yopib qo‘ydi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar taranglashib borayotgan bir paytda, ikki davlatning yadroviy qurolga ega ekanligi dunyo jamoatchiligida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindiston terrorchilikka aloqador gumonlanuvchilarning uylarini buzib tashladi