date
views 169

AQSH vitse-prezidenti Ukrainadagi vaziyat yadro urushiga aylanib ketishidan xavotir bildirdi

AQSH vitse-prezidenti Ukrainadagi vaziyat yadro urushiga aylanib ketishidan xavotir bildirdi
Ukrainada davom etayotgan harbiy harakatlar vaqt o‘tishi bilan yadroviy qurol ishlatiladigan mojaroga aylanishi mumkin. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens amerikalik mashhur podkaster Charli Kerkka bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Vensning fikricha, agar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro yana bir necha yil davom etadigan bo‘lsa, ukrainaliklarning g‘alaba qozonishi imkoniyati yo‘q. U shuningdek, "urush uzoq cho‘zilsa, Rossiya mag‘lub bo‘ladi", degan fikrlarni rad qildi.

"Agar bu urush to‘xtamasa, ukrainaliklar unda g‘alaba qozona olmaydi. Bu real vaziyat", – dedi Vens o‘z so‘zida.

AQSH vitse-prezidenti ikki mamlakatning ham harbiy harakatlar tufayli jiddiy demografik tanglikka duch kelishini ta’kidladi. Uning aytishicha, mojaro yanada chuqurlashib, millionlab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelishi, eng xavflisi – urush "yadro urushiga aylanishi mumkin".

Donald Tramp prezidentligining birinchi 100 kunida urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qanchalik muvaffaqiyatga erishilgani haqida savolga Vens quyidagicha javob qaytardi:

"Ruslar va ukrainlar urushni to‘xtatdimi? Yo‘q. Lekin shuni ta’kidlashim kerakki, biz uch oy davomida oldingi uch yilga qaraganda ko‘proq natijalarga erishdik", – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina, Rossiya va Yevropaning turli davlatlari vakillari, hatto ba’zida norozilik bildirib tursalar ham, Tramp diplomatiyasi vaziyatni har qachongidan ko‘ra ko‘proq o‘zgartirishga yordam berganini tan olishmoqda.

"Bu katta yutuq. Ba’zan ukrainlardan, ba’zan ruslardan xafsalangiz pir bo‘ladi. Muzokara jarayonining tabiati shunday. Lekin Prezident Tramp bu jarayonning orqaga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi", – deya ta’kidladi Vens.

Vens muzokaralar borasida o‘zi ham ikki hafta oldingiga qaraganda bugun ko‘proq optimistik kayfiyatda ekanligini aytdi.

Shu bilan birga, AQSH vitse-prezidenti 23 aprel kuni Hindistonga tashrifi chog‘ida AQSH tomonidan Rossiya va Ukrainaga tinchlik bo‘yicha aniq taklif bildirilgani haqida ham gapirib o‘tdi.

"Agar Moskva va Kiyev Vashingtonning urushdan keyingi davr bo‘yicha aniq rejasiga rozi bo‘lmasa, AQSH bu muzokara jarayonidan chiqib ketishi mumkin. Biz har ikki tomonga, Rossiya va Ukrainaga juda aniq taklif kiritdik. Ulardan 'ha' yoki 'yo‘q' degan javobni eshitish vaqti keldi", – dedi Jey Di Vens.

Ayni paytda AQSH ma’muriyatining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha ushbu jiddiy bayonoti xalqaro jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH vitse-prezidenti Ukrainadagi vaziyat yadro urushiga aylanib ketishidan xavotir bildirdi