date
views 288

Ukrainada jang qilgan shimoliy koreyalik harbiylarning yo‘qotishlari ma’lum bo‘ldi

Ukrainada jang qilgan shimoliy koreyalik harbiylarning yo‘qotishlari ma’lum bo‘ldi
Ukrainaga qarshi Rossiya armiyasi tarkibida urushga jalb etilgan Shimoliy Koreya harbiylarining qariyb 600 nafari halok bo‘lgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi Janubiy Koreya razvedkasining ma’lumotlariga asoslanib xabar tarqatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, KXDR harbiylari asosan Rossiyaning Kursk viloyati hududiga jo‘natilgan va janglarda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylarning jasadlari aynan shu yerda krematsiya qilingan. Agentlikning xabar berishicha, jarohatlanganlarni ham hisobga olganda, Shimoliy Koreya armiyasining umumiy yo‘qotishlari 4700 nafardan oshgan.

Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya armiyasi safiga 2024 yilning iyun oyida imzolangan ikki tomonlama strategik hamkorlik shartnomasi asosida jalb qilingan. Taxminlarga ko‘ra, KXDR urush uchun taxminan 15 ming nafar askar jo‘natgan bo‘lishi mumkin. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga ushbu yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

O‘z navbatida, Kim Chen In Rossiya tomonida urushda ishtirok etgan harbiylarni «qahramonlar» deb atab, ularning Ukrainaga qarshi operatsiyada qatnashganini «muqaddas missiya» deya baholagan. Shuningdek, Pxenyanda ushbu harbiylar sharafiga maxsus yodgorlik o‘rnatilishini ma’lum qilgan.

Shimoliy koreyalik harbiylar Ukraina urushi paytida yangi qurol-aslahalar, xususan, dronlardan foydalanishni o‘zlashtirgan va jangovar salohiyatini sezilarli darajada oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyida Ukraina armiyasi Kursk viloyati hududida ikki nafar shimoliy koreyalik harbiyni asir olgandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 12 yanvar kuni asirga tushgan KXDR harbiylarining so‘roq jarayoni aks etgan videoni e’lon qilgan. Videoda ko‘rinishicha, ular jang maydonida ekanini bilmagan, ularga bu faqat o‘quv mashg‘uloti ekani aytilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada jang qilgan shimoliy koreyalik harbiylarning yo‘qotishlari ma’lum bo‘ldi