
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatidagi harbiy vaziyat bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bildirdi va Ukraina harbiylarining hududdagi faoliyati hanuz to‘liq to‘xtatilmaganini tan oldi. Uning aytishicha, Ukraina qo‘shinlari asosiy hududlardan chiqarilgan bo‘lsa-da, ayrim tarqoq guruhlar hali ham o‘rmon va yerto‘lalarda yashirinib turibdi.
"Hozir murakkab davrni boshdan kechiryapmiz va bu jarayon hali to‘liq yakunlanmadi", — dedi Putin. “Ha, bizning harbiylarimiz dushmanni Kursk viloyatining ko‘p qismidan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi, ammo ular hali ham o‘sha yerda, yerto‘lalar va o‘rmonlarda yashiringan holda, tarqoq guruhlar sifatida mavjud. Biz ularning evakuatsiya qilish bo‘yicha chaqiriqlarini eshitayapmiz, ammo buni amalga oshirishning imkoni yo‘q, chunki u yerda ikki-uch kishidan iborat tarqoq guruhlar harakat qilib yuribdi", — deya qo‘shimcha qildi Rossiya rahbari.
Avvalroq Rossiya rasmiylari Kursk viloyatida Ukraina armiyasining "to‘liq mag‘lub etilgani" haqida e’lon qilgan edi. Rossiya mudofaa vazirligi, Ukraina harbiylari oxirgi aholi punktlaridan ham chiqarilgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Biroq Ukraina tomoni bu bayonotlarni inkor etmoqda. Kiyevning ta’kidlashicha, Rossiya rasmiylarining iddaolari haqiqatga zid bo‘lib, Ukraina mudofaa kuchlarining Kursk viloyatidagi belgilangan hududlardagi operatsiyalari hozir ham davom etmoqda.
Ukrainaning harbiy holat bo‘yicha vaziyatni kuzatuvchi DeepState loyihasining xaritasiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari hozirgi vaqtda ham Rossiya-Ukraina davlatlari chegarasiga yaqin hududdagi kichik bir qismini o‘z nazorati ostida saqlab qolmoqda.
Hozirgi vaqtda Kursk viloyatida vaziyat keskin bo‘lib qolmoqda va taraflarning qarama-qarshi bayonotlari vaziyatning haqiqiy manzarasini aniqlashni qiyinlashtirmoqda. Shu bilan birga, bu hududdagi jangovar harakatlarning tez orada yakunlanishi hali ham savol ostida turibdi.
O'zbekiston yangiliklari Kursk ViloyatiVladimir PutinUkraina HarbiylariHarbiy VaziyatTeskari BayonotlarQurolli Kuchlar Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar