date
views 259

Eronda Isroilning «bosh josusi» qatl etildi

Eronda Isroilning «bosh josusi» qatl etildi
Eronda Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblangan Muhsin Langarnishin 30 aprel kuni tongda qatl etildi, deb xabar berdi mamlakatning Mizan agentligi. Mazkur agentlikka ko‘ra, Langarnishin Isroil razvedkasi — Mossadga uzoq vaqt mobaynida xizmat qilib kelgan va «bosh josus» deb atalgan.

Muhsin Langarnishin Isroil razvedkasining manfaatlari uchun ishlaganidan tashqari, Islom inqilobi soqchilari korpusining yuqori lavozimli polkovnigi Hasan Sayyod Hodaiyning o‘ldirilishiga ham aloqadorlikda ayblangan. U 2020 yil oktyabr oyidan boshlab Mossad bilan hamkorlik qilib kelgan.

Eron sud tizimi Langarnishinga nisbatan o‘lim jazosini tayinlagan bo‘lib, hukm «to‘liq sud jarayoni»dan so‘ng mamlakatning Oliy sudi tomonidan tasdiqlanganidan keyin ijro etilgan. Agentlik sud jarayonining qachon o‘tkazilgani haqida ma’lumot bermadi, ammo hukmning qonuniy jihatdan barcha bosqichlardan o‘tgani ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi paytlarda Eron va Isroil o‘rtasida turli sabablar bilan keskin munosabatlar kuzatilmoqda. Tomonlar bir-birlarini josuslik hamda qo‘poruvchilik faoliyatlarida muntazam ayblab kelmoqda. Eron maxsus xizmatlari mamlakat xavfsizligiga tahdid qiluvchi shaxslarga nisbatan qattiq choralar ko‘rishda davom etayotganini bir necha marta ma’lum qilgan. Bu voqea ham ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilikning navbatdagi ko‘rinishi sifatida baholanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eronda Isroilning «bosh josusi» qatl etildi