date
views 110

Shvetsiya migrantlarni vataniga qaytarish uchun 32 ming yevrodan to‘lamoqchi

Shvetsiya migrantlarni vataniga qaytarish uchun 32 ming yevrodan to‘lamoqchi
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson migrantlarning o‘z yurtlariga qaytishi uchun beriladigan yordam pullarini keskin oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Hukumat rahbariga ko‘ra, migrantlarning qaytishi uchun moliyaviy ko‘mak miqdori hozirgi 900 yevrodan 32 ming yevrogacha ko‘tarilishi mumkin.

«Migratsiya jarayoni ustidan nazoratni kuchaytirish biz uchun o‘ta muhim», deya ta’kidladi Kristersson.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni tark etishga moliyaviy rag‘batni oshirish orqali bir qator muammolar yechimini topish mumkin. Nashr qayd etishicha, hozirgi vaqtda kattalar uchun yordam puli atigi 900 yevrodan iborat.

Kristerssonning fikricha, amaldagi moliyaviy yordam tizimi kutilgan natijani bermagan. Xususan, 2023 yil davomida taqdim etilgan 70 ta arizadan faqat bittasi qanoatlantirilgan. Shu sababdan, Shvetsiya hukumati 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab bu yordam pullarini 3400 foizga oshirishni maqsad qilgan.

«Biz asosan Daniya tajribasini qabul qilmoqdamiz. O‘z vataniga qaytish istagida bo‘lgan, shuningdek, Shvetsiyada to‘liq hayot kechirish imkoniyatiga ega emasligini his qilayotgan migrantlar uchun yordam miqdorini jiddiy oshiryapmiz», deya tushuntirdi Shvetsiya bosh vaziri.

Biroq, Kristerssonning fikriga ko‘ra, ushbu usul mamlakat aholisining hammasiga ham ma’qul kelmasligi mumkin.

«Bu usulning samarasi hamma uchun ham yuqori bo‘lmasligi ehtimoli bor, lekin integratsiya bilan bog‘liq muammolarimiz ko‘p. Agar mamlakatimizda qolishga qonuniy asosga ega bo‘lgan, ammo shvedcha hayot tarziga ko‘nikib keta olmagan migrantlar bor ekan, ular o‘z vataniga qaytish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishi lozim», deya qo‘shimcha qildi Kristersson.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shvetsiya migrantlarni vataniga qaytarish uchun 32 ming yevrodan to‘lamoqchi