date
views 97

Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslar: "Bizni qiynoqlar bilan o‘ldirishmoqda!"

Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslar: "Bizni qiynoqlar bilan o‘ldirishmoqda!"
Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinlik mahbuslar muntazam qiynoq, zo‘ravonlik va tibbiy e’tiborsizlik tufayli asta-sekin nobud bo‘lmoqda. Bu haqida Bryusselda bo‘lib o‘tgan "Falastinlik mahbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi Yevropa alyansi" konferensiyasida Falastin asirlari uyushmasi rahbari Abdulla al-Zegariy ma’lum qildi.

"Hozirgi paytda Isroil qamoqxonalaridagi minglab falastinliklar inson huquqlariga zid keluvchi shafqatsiz munosabat va siyosat tufayli sekin-asta hayot bilan xayrlashmoqda. Ularning sog‘lig‘i jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik tufayli jiddiy xavf ostida qolmoqda", — deydi al-Zegariy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil qamoqxonalaridagi vaziyat borasidagi ma’lumotlar ozodlikka chiqqan sobiq mahbuslar tomonidan tasdiqlanmoqda. Mahbuslar bilan uchrashgan advokatlar ham bu haqda ko‘plab dalillarni keltirishgan.

Abdulla al-Zegariy aytishicha, falastinliklar qamoqxonalarda inson sha’nini yerga uradigan turli xil qiynoqlarga duchor etilmoqda. Ular orasida ochlikka mahkum qilish, sog‘liqning jiddiy yomonlashishiga olib keladigan tibbiy yordamdan mahrum qilish va hatto jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham ko‘plab kuzatilayapti.

“Qamoqxonalar aslida qiynoq markazlariga aylanib ulgurgan. U yerda saqlanayotgan insonlarning sog‘lig‘i, qadr-qimmati va inson huquqlari muntazam ravishda poymol etilmoqda", — deydi uyushma rahbari o‘z nutqida.

Shu bilan birga, Abdulla al-Zegariy xalqaro hamjamiyatni falastinlik mahbuslar ahvoliga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirib, inson huquqlari tashkilotlarini bu vaziyat bo‘yicha keskin choralar ko‘rishga undadi.

Uning ta’kidlashicha, mazkur holatga dunyo mamlakatlari tomonidan o‘ziga yarasha baho berilishi va xalqaro miqyosda falastinlik mahbuslarning huquqlari himoya qilinishi shart. "Xalqaro hamjamiyatning falastinlik mahbuslarning huquqlarini himoya qilish borasidagi sukut saqlashi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi va inson huquqlari bo‘yicha standartlarning barbod bo‘lishiga olib keladi", — deb qo‘shimcha qildi al-Zegariy.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslar: "Bizni qiynoqlar bilan o‘ldirishmoqda!"