date
views 22

Fridrix Mers: “Otashkesim haqidagi qaror endi faqat Moskva tomonida”

Fridrix Mers: “Otashkesim haqidagi qaror endi faqat Moskva tomonida”
Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainada 30 kunlik shartsiz otashkesim masalasida qaror qabul qilish vaqti kelganini va endi bu boradagi to‘liq mas’uliyat Rossiya tomoniga o‘tganini bildirdi. U bu haqda 9 may, juma kuni Bryusseldagi chiqishi paytida alohida urg‘u bilan ta’kidladi.

“Endi to‘p Moskvaning qo‘lida. Faqat u yerdagilar kelasi haftadan boshlab o‘t ochishni to‘xtatish imkoni bor yoki yo‘qligini hal qiladi”, — dedi Germaniya rahbari.

Tinchlik uchun maydon: sinov va imkoniyat

Mersning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus Ukrainada kelgusidagi uzoq muddatli tinchlik muzokaralarini boshlash uchun muhim siyosiy maydon yaratishi mumkin.

“Bu, shubhasiz, Rossiya prezidenti uchun navbatdagi jiddiy sinov hisoblanadi. Bu u kishi Ukrainada tinchlikni qanchalik sidqidildan istashini aniq ko‘rsatib beradi”, — dedi u.

Yevropa va AQSH — umumiy pozitsiyada

Mers ta’kidlaganidek, 30 kunlik to‘liq va shartsiz otashkesim haqidagi chaqiriq Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan ham bir ovozda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Germaniya hukumati bu tashabbusni “tug‘ri va o‘z vaqtida” deb baholamoqda.

“Bu yo‘nalishni Germaniya hukumati nuqtayi nazaridan to‘g‘ri deb hisoblaymiz”, — dedi kansler.

Qo‘shma bayonot loyihasi tayyor

Reuters agentligining ma’lum qilishicha, YEIning yetakchi davlatlari — Germaniya, Fransiya va Polsha, shuningdek boshqa hamkorlar tomonidan 30 kunlik otashkesim haqidagi qo‘shma bayonot loyihasi ishlab chiqilgan.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kommyunike matni 30 kunlik otashkesim taklifi bilan “asosan mos keladi” va keng ko‘lamli xalqaro muvofiqlikni ta’minlashda AQSH prezidenti Donald Trampning hissasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

“Biz keng konsensusga erishganimiz uchun Donald Trampga alohida minnatdorchilik bildiramiz”, — dedi u.

Zamin.uz tahririyati ushbu diplomatik harakatni xalqaro hamkorlik va siyosiy mas’uliyatning navbatdagi namoyoni sifatida baholaydi. Agar Moskva tashabbusni qabul qilsa, bu nafaqat frontdagi otishmalarni to‘xtatish, balki Ukrainadagi mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun yangi sahifa bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fridrix Mers: “Otashkesim haqidagi qaror endi faqat Moskva tomonida”