date
views 86

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukraina uchun 1 milliard yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukraina uchun 1 milliard yevro ajratdi
Yevropa Ittifoqi Ukraina mudofaa korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan mablag‘ hisobidan bir milliard yevro miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 9 may kuni Lvov shahrida o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ma’lum qildi.

"Biz Ukraina o‘zini yanada samarali himoya qilishi uchun mamlakat mudofaa sanoatiga ko‘mak sifatida hozirgina bir milliard yevro ajratdik. Bu mablag‘lar yaqin oylarda qo‘shimcha harbiy yordam uchun juda muhim bo‘ladi", – dedi Kallas.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro yig‘ilishda so‘zlagan nutqida o‘z mamlakati ham muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainaga yetkazilgan 60 ta Caesar gaubitsalarining ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishga sarflamoqchiligini bildirdi. "Biz tinchlik o‘rnatilishini istaymiz va bu yo‘ldagi yagona to‘siq bugungi kunda Moskvadir", – deya ta’kidladi Barro.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal esa bu qarorni "tarixiy" deb baholab, Ukraina qurollanishi uchun Rossiya mablag‘laridan foydalanilayotganini alohida urg‘uladi.

"Rossiyaning mablag‘lari Ukraina qurollanishi uchun sarflanadi. Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy yordam berish uchun jami 1,9 milliard yevro ajratish rejasini rasman e’lon qildi. Bu juda muhim tarixiy qaror bo‘lib, muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘lar Yevropa Tinchlik jamg‘armasi orqali Ukraina qurol-aslaha xaridiga sarflanadi", – deya yozdi Shmixal o‘zining Telegram kanalida.

Ushbu mablag‘lar Ukraina qurolli kuchlarining mudofaa qobiliyatini oshirish, zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlash hamda davom etayotgan mudofaa urushini yanada mustahkamlashda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukraina uchun 1 milliard yevro ajratdi