date
views 61

Argentina Oliy sudi binosidan fashistlarning sirli targ‘ibot materiallari topildi

Argentina Oliy sudi binosidan fashistlarning sirli targ‘ibot materiallari topildi
Argentina Oliy sudi binosining yerto‘lasida natsistlar Germaniyasi davriga oid targ‘ibot materiallari saqlangan qutilar topildi. Bu haqda Perfil nashri xabar tarqatmoqda.

«Oliy sud arxivida g‘ayrioddiy topilmaga duch kelindi. Sudning xodimlari arxivni boshqa joyga ko‘chirayotgan paytda bir nechta qutilarga e’tibor qaratgan. Ushbu qutilarning ichidagi materiallar ko‘zdan kechirilganidan so‘ng, ular Adolf Gitlerning g‘oyalarini Argentinada tarqatishga yo‘naltirilgan targ‘ibot vositalari ekani ma’lum bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, topilgan materiallar orasida Uchinchi reyxning otkritkalari, fotosuratlari va propaganda plakatlari ham bor bo‘lib, ular Germaniyaning Tokiodagi elchixonasi tomonidan 1941 yilning 20 iyunida Argentinaga jo‘natilgan. O‘sha paytda yuborilgan qutilar elchixona xodimlarining shaxsiy buyumlari deb ko‘rsatilganiga qaramay, ushbu yuk mahalliy hukumat organlari tomonidan to‘xtatilgan. Natijada, Buenos-Ayres federal sudining qarori bilan materiallar musodara qilinib, ish ko‘rib chiqish uchun Oliy sudga topshirilgan. O‘sha kundan boshlab ushbu qutilar sud binosining yerto‘lasida unutilgan holda saqlanib kelgan.

Shu bilan bir qatorda, yaqin vaqtda Adolf Gitlerning FSB arxivida saqlanayotgan jag‘ suyagining surati ham e’lon qilingan edi. Inson huquqlari kengashi a’zosi Yeva Merkachevaning ta’kidlashicha, bu suyak Gitler umrining so‘nggi kunlarini Argentinada emas, balki boshqa bir joyda o‘tkazganining eng asosiy va ishonchli dalili hisoblanadi.

Hozirda topilgan materiallar tarixi va kelib chiqishini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bu topilmalar natsist Germaniyasining Argentinadagi ta’siri va tarixiy rolini yana bir bor o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Argentina Oliy sudi binosidan fashistlarning sirli targ‘ibot materiallari topildi