date
views 268

Afg‘oniston vaziri Rossiyaga qamoqxonalar qurishni o‘rgatmoqchi: sabab nimada?

Afg‘oniston vaziri Rossiyaga qamoqxonalar qurishni o‘rgatmoqchi: sabab nimada?
Afg‘onistonning adliya vaziri Abdul Hakim Shariy Rossiya rasmiylariga qamoqxonalarni qanday qilib inson huquqlariga muvofiq qurish va boshqarish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu haqda u Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro yuridik forumdagi chiqishi davomida gapirib o‘tdi.

Shariy o‘z nutqida Afg‘onistonda hozirgi vaqtda «sof islomiy adolat tizimi» yaratilgani haqida ma’lum qildi. Bu tizim shariat qonunlari hamda afg‘on xalqining boy tarixi, madaniyati va diniy qadriyatlari asosida tashkil etilgan. Uning fikricha, shunday adolat tizimi har bir inson huquqlarini ishonchli himoya qilish imkonini yaratadi va bu modelni boshqa davlatlar ham qabul qilishi mumkin.

Islom shariatiga asoslangan ushbu tizim korrupsiyaga qarshi kurash, haqiqatning qaror topishi va har bir fuqaroning huquqlarini kafolatlash uchun samarali vosita hisoblanadi. Vazirning aytishicha, aynan shunday tizim tufayli Afg‘oniston qamoqxonalari nafaqat jazo berish joylari, balki ijtimoiy va axloqiy tarbiyalash markazlariga aylangan.

Shariy qamoqxonalarni qurishda, birinchi navbatda, mahkumlarning axloqiy, ijtimoiy va diniy reabilitatsiyasiga e’tibor qaratish kerakligini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, aynan shunday yondashuv qamoqdagilarda mas’uliyat hissini shakllantirib, ularni jamiyatga qaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

"Afg‘oniston qamoqxonalari bugungi kunda axloqiy qayta tarbiya markazlariga aylantirilgan bo‘lib, mahkumlarning jamiyat oldidagi mas’uliyatlarini anglab yetishlariga yordam bermoqda," — deb ta’kidladi vazir.

Shuningdek, Shariy o‘z chiqishida Afg‘oniston islomiy qadriyatlarni eng yuqori darajada hurmat qilishi va bu qadriyatlarga asoslangan davlatlar bilan hamkorlik qilishga ochiqligini bildirdi. U Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi va milliy qadr-qimmatini hurmat qiladigan davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga tayyorligini ham aytdi.

Forumda Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari, jumladan adliya vaziri Konstantin Chuychenko va uning o‘rinbosari Oleg Sviridenko ham ishtirok etgan. Afg‘oniston adliya vazirining bu bayonotlari xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan katta qiziqish uyg‘otdi va faol muhokama qilinmoqda.

Zamin.uz tahririyati mazkur voqelikni diqqat bilan kuzatib boradi. Siz Afg‘oniston vazirining bu bayonotini qanday baholaysiz? Bu tajriba Rossiyada ham samara bera oladimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston vaziri Rossiyaga qamoqxonalar qurishni o‘rgatmoqchi: sabab nimada?