
21 may kuni Isroil harbiylari G‘arbiy Sohildagi Jenin qochqinlar lageri yaqinida bo‘lib turgan xalqaro diplomatik delegatsiyaga nisbatan ogohlantiruvchi o‘q uzdi. CNN xabariga ko‘ra, delegatsiya lager atrofidagi gumanitar vaziyatni o‘rganish maqsadida u yerga tashrif buyurgan bo‘lgan.
Delegatsiya tarkibida Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Germaniya, Irlandiya, Niderlandiya va yana o‘nlab davlatlarning diplomatlari bo‘lgan. Hodisa vaqtida ular lager yaqinida harakatlanayotgan bo‘lgan, shu payt Isroil askarlari ularga qarata o‘t ochgan.
Falastin TIV bu harakatni “qasddan va noqonuniy hujum” deb baholab, Isroil hukumatini to‘liq javobgar deb hisoblashini ma’lum qildi. Voqeaning videoyazuvida askarlarning yo‘l to‘sib turgan darvoza ortidan delegatsiyaga qarata o‘t ochayotgani aniq ko‘rinadi.
Isroil tomoni izoh berdi
Isroil mudofaa kuchlari hodisadan so‘ng rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, delegatsiya oldindan belgilangan yo‘nalishdan chiqib, harbiy harakatlar davom etayotgan zonaga kirib qolgan. Shu sababli ogohlantiruvchi o‘q uzilgan va hozirda tergov boshlangan.
BMT va YEIdan keskin munosabat
BMT va Yevropa Ittifoqi bu voqeani jiddiy qoraladi. BMTning yordam tashkiloti direktori Roland Fridrix bu harakat “haddan tashqari kuch ishlatish”ning yana bir misoli ekanini ta’kidladi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas “diplomatlar hayotiga tahdidlarni qabul qilib bo‘lmasligini” aytdi. Italiya, Fransiya, Ispaniya va Kanada o‘z elchilarini Isroil TIVga rasmiy tushuntirish so‘rab chaqirdi. Kanada bosh vaziri Mark Karni “voqea to‘liq va shoshilinch tushuntirilishini kutmoqda”, deb bayonot berdi.
Xalqaro javob keskin
Turkiya, Qatar, Iordaniya va Misr ham ushbu hodisani “haqoratli va javobgarliksiz harakat” sifatida baholadi. G‘arb diplomatik hamjamiyati bu voqeani Isroilning G‘arbiy Sohildagi harbiy amaliyotlari doirasida yuzaga kelayotgan qonunbuzarlik sifatida baholamoqda.
Zamin.uz tahririyati ushbu voqea yuzasidan xalqaro munosabatlar va tergov natijalarini kuzatishda davom etadi. Siz ushbu harakatni qanday baholaysiz? Isroil diplomatik daxlsizlikni buzdimi?
Foto: AFP “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar