
So‘nggi oylarda global siyosiy maydonda eng dolzarb mavzulardan biriga aylangan Eron va AQSH o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar yana qaytmoqda. ISNA agentligining ma’lum qilishicha, ikki davlat vakillari ishtirokidagi navbatdagi – beshinchi bosqich muzokaralar Italiyada boshlandi. Bu safargi uchrashuv ham bevosita emas, balki bilvosita muloqot shaklida o‘tkazilmoqda.
Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi boshchilik qilmoqda. U juma kuni rasmiy delegatsiya bilan Italiyaga yo‘l oldi va kunduzi muzokaralar o‘tkaziladigan shaharga yetib bordi. AQSH tomonidan esa ushbu jarayonda prezident Trampning maxsus vakili sifatida Stiv Uitkoff qatnashmoqda.
Muzokaralar boshlanishidan avval Eron TIV rasmiysi bildirishicha, Tehron ushbu uchrashuvda asosan AQSHning sanksiyalar borasidagi pozitsiyasi va yadroviy dastur bo‘yicha strategik yondashuvi haqida masalalarni muhokama etish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, 11 may kuni o‘tkazilgan to‘rtinchi raund O‘monda bo‘lib o‘tgan edi. Eron Tashqi ishlar vazirligi bu raundni “murakkab, biroq o‘zaro tushunishga xizmat qiluvchi” jarayon sifatida baholagan edi. Mazkur uchrashuvda Tehron tomoni Vashingtonga uranni boyitish maqsadida mintaqaviy konsorsium tuzish g‘oyasini ilgari surgan. Bu konsorsium tarkibida nafaqat Eron, balki Saudiya Arabistoni va BAA kabi mintaqaning boshqa asosiy ishtirokchilari ham bo‘lishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, muzokaralar davom etayotganiga qaramay, 13 may kuni AQSH Eronga nisbatan yangi iqtisodiy cheklovlarni joriy etdi. Bu voqea xalqaro hamjamiyatda turli munosabatlarga sabab bo‘ldi. Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, Eron mazkur sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy kelishuvning yangi loyihasi bo‘yicha Vashingtonning takliflarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.
NBC'ning xabar berishicha, Eron hozirda muzokaralar orqali kelishuvga erishishga va tashqi siyosiy bosimlarni yumshatishga intilayotgani qayd etilgan. Bu jarayonga Yevropa davlatlari ham befarq emas – ular ham o‘zaro kelishuv bo‘lishi tarafdori sifatida faol ishtirok etmoqda.
Zamin.uz tahririyatidan: Eron va AQSH o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar nafaqat mintaqaviy, balki global barqarorlik uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Har ikki tomon uchun ham o‘z manfaatlari doirasida muvozanat topish – xalqaro tinchlik yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Siz bu jarayonda qaysi tarafning yondashuvini to‘g‘ri deb hisoblaysiz? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar