
Garvard universiteti olimlari dunyo bo‘yicha yuz minglab odamning hayotiga zomin bo‘layotgan bezgak kasalligiga qarshi kurashda mutlaqo yangi yondashuvni taklif qilishdi. BBC tarqatgan xabarga ko‘ra, ular chivinlarga maxsus dorilar berish orqali ularni infeksiya tarqata olmaydigan darajaga keltirish usulini sinovdan o‘tkazishdi.
Hozirgi kunda bezgakka qarshi asosiy kurash usuli sifatida insektitsidlar — chivinlarni o‘ldiradigan kimyoviy moddalar — keng qo‘llaniladi. Biroq ko‘plab mamlakatlarda chivinlar bu vositalarga nisbatan mustahkam qarshilikka ega bo‘lib, insektitsidlar samaradorligi keskin pasaygan. Shu sababli olimlar yangi usulni tadqiq qilishga kirishishdi.
Yangi usul qanday ishlaydi?
Mutaxassislar yuzlab dori vositalarini o‘rganib chiqdi va ular orasida chivin organizmidagi bezgak parazitlarini yo‘q qilishda 100 foiz samaradorlikka ega ikkita moddani aniqlashdi. Ushbu dori moddalari maxsus to‘rlarga singdirilib, chivinlar ana shu to‘rlarga tegishi orqali dorini tanasiga qabul qiladi. Qizig‘i shundaki, agar chivin tirik qolsa ham, uning ichidagi barcha parazitlar yo‘q bo‘ladi. Natijada, u odamni chaqsa ham, infeksiya yuqtirmaydi.
Tadqiqotni olib borgan mutaxassis Aleksandra Probst bu yondashuvni “chivinlarga qarshi revolyutsion usul” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bunday dorilar parazitlarning qarshilik ko‘rsatish qobiliyatiga qarshi samarali, chunki parazitlar chivin tanasida juda oz sanda bo‘ladi — odatda 5 tagacha. Bu esa kasallikning tarqalish ehtimolini pasaytiradi. Aksincha, inson tanasida milliardlab parazitlar bo‘lishi mumkin.
Bezgak haqida qisqacha
Bezgak (malaria) — ko‘p holatlarda urg‘ochi chivinlar orqali yuqadigan o‘ta xavfli infeksion kasallik. Har yili taxminan 600 mingga yaqin inson shu kasallik sababli hayotdan ko‘z yumadi. Bolalar orasida esa o‘lim ko‘rsatkichi ayniqsa yuqori. Bezgak paraziti qon orqali yuqadi, shuningdek, igna, tibbiy asboblar, qon quyish yoki organ ko‘chirish orqali ham tarqalishi mumkin.
Qachon amaliyotga tatbiq etiladi?
Hozircha bu usul laboratoriya sharoitida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan. Keyingi qadam — Efiopiyada amaliy tajribalar o‘tkazish. Olimlar ushbu usulni to‘liq tekshirib, ishonchli xulosa berish uchun kamida 6 yil kerak bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Agar natijalar kutilganidek ijobiy bo‘lsa, bu dunyo miqyosida bezgakka qarshi kurashda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Chunki bu safar inson emas, aynan kasallik tashuvchisi — chivinning o‘zi “himoya vositasiga” aylantirilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar