date
views 159

G‘azoda ochlik nazoratdan chiqdi: odamlar BMT omboriga bostiriib kirdi, qurbonlar bor

G‘azoda ochlik nazoratdan chiqdi: odamlar BMT omboriga bostiriib kirdi, qurbonlar bor
28 may kuni G‘azo sektorida insonparvarlik krizisi yana bir fojiali nuqtaga yetdi. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, “ochlikdan azob chekayotgan yuzlab fuqarolar” tashkilotning G‘azodagi oziq-ovqat omboriga bosqin qilib kirdi. Ushbu hodisa to‘g‘ridan to‘g‘ri ochlikning halokatli chegaradan o‘tib ketganini va gumanitar yordamning yetarli darajada yetkazilmayotganini ko‘rsatmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa paytida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, yana bir nechta kishi turli jarohatlar olgan. Ommaviy tartibsizliklar va omborda yuzaga kelgan panika ortidan insonlar o‘rtasida tiqilinchlik, bosishish va kuch ishlatish holatlari kuzatilgan.

WFP bayonotida ta’kidlanishicha, “G‘azoda 80 kundan ortiq vaqt davomida to‘liq blokada hukm surmoqda. Oziq-ovqat va boshqa yordamlar to‘xtab qolgan. Bu esa aholining gumanitar ehtiyojlarini nazoratdan chiqarib yubordi”.

Tashkilot G‘azoga oziq-ovqat yetkazib berishni tartibli tashkil qilish uchun “gumanitar tashkilotlarning xavfsiz va to‘siqsiz kirishi”ni talab qilmoqda. Ular Isroil va boshqa xalqaro tuzilmalarni birgalikda harakat qilishga chaqirmoqda.

Isroil mudofaa kuchlari (SAHAL) o‘zining rasmiy sahifalari orqali bu voqealarga munosabat bildirdi. 27 may kuni ular 400 dan ortiq yuk mashinasi insonparvarlik yordami bilan G‘azoga yetkazilganini va hozirda “BMT tomonidan tarqatilishini kutmoqda”ligini ma’lum qildi.

SAHALning ta’kidlashicha, “logistika va xavfsizlik protokollari to‘liq moslashtirilgan”, ammo BMT “hanuz o‘z vazifalarini bajarishdan bosh tortayotgani” haqida fikr bildirildi. Shu bilan birga, Isroil mudofaa idorasidagi COGAT tuzilmasi ham ishni muvofiqlashtirishda ishtirok etmoqda.

Ushbu voqealar yana bir bor G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar vaziyatga va xalqning jon saqlash uchun keskin choralarga borishga majbur bo‘layotganiga oydinlik kiritdi. BMT, Isroil va boshqa xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchilik esa yordamni o‘z vaqtida yetkazishga to‘sqinlik qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azoda ochlik nazoratdan chiqdi: odamlar BMT omboriga bostiriib kirdi, qurbonlar bor