
Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha olib borilayotgan diplomatik urinishlar yaqin haftalarda yangi bosqichga o‘tishi mumkin. The New York Times nashri xabar berishicha, Ukraina tomoni AQSHga rasman tinchlik memorandumini taqdim etdi. Bu hujjat quruqlikda, dengizda va havoda o‘t ochishni to‘xtatish qoidalarini o‘z ichiga olgan 22 banddan iborat. Unga ko‘ra, tuzilgan shartlarning bajarilishi xalqaro kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinadi.
Memorandum bor, lekin ikki tomonlama emas
Ukrainaning yuqori martabali manbalariga tayanib, NYT yozishicha, Kiyev tomoni tinchlik jarayonini boshlash uchun barcha tayyorgarlikni yakunlagan. Hujjat allaqachon Vashingtonga yuborilgan va AQSH hukumati undagi shartlar “oqilona va yetarli” ekanini qayd etgan. Bu haqda AQSH prezidentining maxsus vakili Kit Kellog ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hujjat topshirgan bo‘lsa-da, Rossiya tomoni haligacha o‘z memorandumini taqdim etmagan. Bunga qaramasdan, Kellog Kiyevni muzokaralardan voz kechmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, tinchlikka erishish uchun “muzokara maydonidan ketmaslik muhim”.
Moskvaga uzatilmagan memorandum va kechikishlar
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 30 may kuni Rossiyani muzokara jarayonini ataylab kechiktirayotganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi haligacha o‘zi va’da qilgan tinchlik memorandumini taqdim qilmagan. Bu hujjatsiz Kiyev 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi kutilgan navbatdagi muzokara bosqichida ishtirok etishni ma’qul deb hisoblamaydi.
Sibiga ta’kidlaganidek, Ukraina oldiga qo‘ygan maqsad — avvalo sulhni ta’minlash, keyin esa keng qamrovli tinchlik kelishuvini muhokama qilish. Ammo Rossiya bu jarayonga boshqacha yondashmoqda: Kreml muzokaralar faqat “asosiy muammolarni hal etish”ga qaratilishi lozim deb hisoblaydi. Ularning fikricha, masalan, NATOning sharqqa kengayishi kabi muammolar birinchi navbatda muhokama qilinishi kerak.
Zelenskiy: Rossiya vaqtni cho‘zmoqda va dunyo hamjamiyatini aldamoqda
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 29 may kuni kechki murojaatida Rossiyaning hech qanday memorandum taqdim etmaganini tasdiqladi. Uning fikricha, Kreml urushni cho‘zish orqali xalqaro hamkorlarni chalg‘itmoqda, diplomatik himoyani faqat vaqt utkazish vositasi sifatida ko‘rmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Georgiy Tixiy esa Rossiyaning bu hujjatni topshirishdan nega “qo‘rqishini” izohladi. Uning ta’kidlashicha, Kreml reallikdan yiroq ultimativ talablar bilan chiqishga odatlangan va aynan shu sababdan muzokara platformasini rasmiylashtirishdan bosh tortmoqda.
Ukrainaning tinchlik memorandumini AQSHga topshirishi jiddiy diplomatik qadam hisoblanadi. Bu hujjat urushni to‘xtatish uchun aniq mexanizm va nazorat usullarini taklif etmoqda. Ammo Rossiya tomonidan hech qanday rasmiy hujjat taqdim etilmagani — muzokaralar yana kechikishiga olib kelishi mumkin.
Umid qilinadi, 2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvgacha ikki tomon ham muvaffaqiyatli va tengma-teng asosda kelishuv imkoniyatini topadi. Sulh — faqat siyosiy muvozanat bilan emas, balki haqiqiy iroda bilan ta’minlanadi.
Foto: The New York Times “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar