date
views 191

Trampdan Maskka ramziy sovg‘a: Oq uyning oltin kaliti va do‘stlik e’tirofi

Trampdan Maskka ramziy sovg‘a: Oq uyning oltin kaliti va do‘stlik e’tirofi
AQSHda e’tiborni tortayotgan siyosiy va texnolagik voqealar orasida yana bir qiziqarli hodisa ro‘y berdi. 30 may kuni Donald Tramp Ilon Maskka shaxsan “Oq uyning oltin kaliti”ni taqdim etdi. Ushbu ramziy sovg‘a Amerika rahbari tomonidan milliarderning davlat xizmatidagi mehnati va shaxsiy maslahatlari uchun berilgani ta’kidlandi.

Taqdimot Trampning shaxsiy ijtimoiy platformasi — X (sobiq Twitter) orqali jonli efirda namoyish etildi. Kadrlarda Tramp maxsus qutidan kalitni chiqarib, Maskning qo‘liga topshirayotgani aks etgan. Kalitning kaftdek kattalikdagi bo‘yi, unga ishlangan yupqa naqshlar va uning qadimiy ramzlar bilan bezalgani bu sovg‘aning ramziy va alohida ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Tramp taqdimot paytida shunday dedi:

“Rahmat, Ilon. O‘zingni asra. Sen faqat davlat uchun emas, kelajak uchun ham ish qilding.”

Ma’lum qilinishicha, Mask rasman davlat xizmatidagi faoliyatini yakunlagan bo‘lsa-da, Tramp uni “ishonchli do‘st va maslahatchi” sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Mask ham o‘z navbatida siyosiy sahnadan cheklanishiga qaramay, “zarur paytda maslahat berishda” davom etishini bildirgan.

Shu bilan birga, bu hodisa arafasida “The New York Times” manbalari Maskka nisbatan qiziqarli da’volarni ilgari surdi — xususan, uning saylovoldi kampaniyasi davomida giyohvand moddalar iste’mol qilgani haqida. Bu ma’lumotlar haqidagi savollarga Oq uy matbuot xizmati javob berishdan tiyilgan, Trampning yaqin safdoshi Stiven Miller esa “Maskning o‘ziga murojaat qilishni” tavsiya etgan.

Aprelda Mask Bloomberg agentligiga bergan intervyusida siyosiy faolligini kamaytirish niyati borligini bildirgan edi. U siyosatda “yetarlicha ish qilganini” ta’kidlab, endi butun e’tiborini Tesla va boshqa texnologik loyihalariga qaratishini aytgan.

Trampdan Maskka sovg‘a qilingan “Oq uy kaliti” — bu nafaqat shaxsiy aloqalarning timsoli, balki AQSHdagi siyosat va biznes o‘rtasidagi o‘ziga xos munosabatlar yoritilgan muhim voqea bo‘lib qolmoqda. Maskning kelgusida siyosiy sahnada qanday rol o‘ynashi — bu masala endi yanada ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampdan Maskka ramziy sovg‘a: Oq uyning oltin kaliti va do‘stlik e’tirofi