
Rossiya Federatsiyasida prezident Vladimir Putinning Adolf Gitlerga o‘xshatilgan tasvirlari joylashtirilgan bir qator internet sahifalari rasman taqiqlandi. Omsk shahrining Kirov tuman sudi prokuratura talabiga ko‘ra, shunday mazmundagi surat va memlar e’lon qilingan 12 ta veb-sahifani Rossiya hududida bloklash haqida qaror chiqardi. Bu haqda mustaqil “Vyorstka” nashri xabar bermoqda.
Taqiqqa sabab bo‘lgan tasvirlarda Putinning tashqi ko‘rinishi ataylab o‘zgartirilgan bo‘lib, unga Gitlerning mo‘ylovi va soch turmagi qo‘yilgan. Shu bilan birga, bu rasmlarda prezidentga nisbatan qo‘llanilgan «Putler» degan tanqidiy ibora ham qo‘llanilgan. Xususan, bu turdagi tasvirlar orasida «Putler kaput» deb yozilgan plakatlarning suratlari ham bor. Ularning ko‘pchiligi Rossiyadagi norozilik namoyishlari davomida ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, aktyor Pavel Derevyanko ishtirokidagi mashhur «Gitler kaput!» komediya filmidan olingan suratlar ham taqiqqa tushgan. Ushbu filmga doir tasvirlar internetda Putinni masxara qilish maqsadida tarqalgani aytilmoqda.
E’tiborlisi, bloger Ilya Varlamovning veb-sahifasida nashr etilgan bir tasvir ham taqiqqa tushgan. Bu suratda bir ayol «Putler, qo‘rg‘oshin bilan mehmon qilishlaridan oldin zahar ich» degan yozuvli plakatni ko‘tarib turgan edi.
Shuningdek, Rossiya prezidentiga nisbatan ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik ko‘rinishi aks etgan suratlar ham bloklangan. Masalan, Stixi.ru saytida e’lon qilingan, Putinning boshiga to‘pponcha tiralgan tasvir va «Rossiyani sharmandalikdan qanday qutqarish mumkin?» degan yozuv ham bu qatorga kiradi.
Omsk prokuraturasining talabi asosida bloklangan yana bir e’tirozli sahifa – bu «Jonli jurnal» (LiveJournal) platformasidagi tasvir bo‘lib, uning uslubi mashhur hajviy «Timsoh» jurnali muqovasini eslatadi. Bu yerda prezident Putinning surati bilan birga «Sudda ishni mazmunan ko‘rib chiqish boshlandi. Maxluq o‘zining aybsiz ekanini aytdi» degan qo‘pol yozuv mavjud edi.
Sud tomonidan taqiqlangan veb-resurslar orasida ommabop Fishki.net portalidagi Moskvada o‘tkazilgan qarshilik namoyishlariga bag‘ishlangan fotosuratlar galereyasi ham bor. Prokuratura iddaosiga ko‘ra, u yerdagi «Putinning Ukrainaga qarshi tajovuzi Rossiya va Yevropaga qarshi yo‘naltirilgan» degan yozuvli plakat ko‘tarib turgan erkak tasvirlangan surat ham «davlat manfaatiga qarshi va xavfsizlikka tahdid soluvchi» deb baholangan.
Omsk prokuraturasi xodimlarining fikricha, mazkur surat va memlarning internetda tarqalishi «jamiyatda tartibsizlik, davlatga nisbatan nafrat va terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga undash» xavfini keltirib chiqaradi. Bu bois, bunday kontentlarga Rossiya hududida qat’iy taqiq qo‘yilishi lozimligi aytilmoqda.
Tanqidchilar esa ushbu qarorni senzuraning yangi bosqichi, davlat rahbarini tanqid qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan deb baholamoqda. Shu bilan birga, huquqshunoslar va xalqaro tashkilotlar bunday keskin choralarni so‘z erkinligiga qarshi kurashning salbiy ko‘rinishi sifatida qabul qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar