
Rossiyaning Irkutsk va Murmansk oblastlari aholisi bir vaqtning o‘zida dronlar tomonidan uyushtirilgan hujumlar haqida xabar berishdi. Bu haqda “Mediazona” nashri va mahalliy Telegram-kanallar xabar tarqatmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Sibirning Irkutsk viloyatidagi Usolskiy tumaniga qarashli Sredniy va Novomaltinsk qishloqlari hududlari nishonga olingan. Mazkur hududda Rossiyaning muhim harbiy inshooti hisoblangan «Belaya» aerodromi joylashgan bo‘lib, u yerda Tu-22M3 rusumli strategik bombardimonchi samolyotlar bazasi mavjud.
Bundan tashqari, Murmansk oblastidagi «Olenya» aerodromi ham dronlar tomonidan hujum qilingani haqida xabarlar tarqalgan. Bu harbiy aerodrom ham Rossiya qurolli kuchlari uchun katta ahamiyatga ega.
Hujumlardan so‘ng, internetda Irkutskda joylashgan «Belaya» aerodromida chiqqan yong‘inning videolari paydo bo‘ldi. Kadrlarda aerodrom hududidan tutun ko‘tarilayotgani ko‘zga tashlanadi. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, hujumlar oqibatida bir necha kuchli portlashlar sodir bo‘lgan.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, ushbu hujumlar Ukrainaning maxsus operatsiyasi doirasida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Ukraina matbuotining yozishicha, 1 iyun kuni Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan «Pautina» deb nomlangan keng qamrovli operatsiya boshlangan. Bu operatsiya doirasida Rossiyaning turli hududlaridagi strategik harbiy inshootlarga bir vaqtning o‘zida zarbalar berilgan. “Babel” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, natijada Rossiyaning 40 dan ortiq harbiy samolyotlari, shu jumladan, Tu-95, Tu-22M3 va razvedka A-50 samolyotlari yo‘q qilingan.
Rossiyalik gubernator Igor Kobzev Irkutsk viloyati dronlar hujumiga birinchi marta uchraganini tasdiqladi va bu holatni “g‘ayrioddiy” deb atadi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar uchun foydlanilgan dronlar yo‘l chetida turgan yuk mashinalari (furalar) ichiga yashirin tarzda joylashtirilgan bo‘lib, hujumdan so‘ng manba tezda bloklangan.
«Hujumlardagi manba allaqachon aniqlandi va xavfsizlik kuchlari tomonidan bloklandi. Bu yerda eng muhimi, aholi orasida vahima tarqatmaslik va vaziyatni nazorat qilishdir. Hozirgi vaqtda tinch aholi hayoti va salomatligiga tahdid yo‘q», — deya ta’kidladi Kobzev o‘zining Telegram sahifasida.
Ekspertlarning fikricha, dronlar orqali amalga oshirilgan mazkur hujum Rossiyaning muhim harbiy obyektlarini nishonga olish orqali Rossiya kuchlarining havo hujumlari imkoniyatlariga zarar yetkazishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Bunday keng qamrovli va yaxshi tayyorlangan operatsiya Rossiya xavfsizlik tizimlari oldida yangi murakkab vazifalarni keltirib chiqaradi.
Hozirgi vaqtda Irkutsk va Murmansk oblastlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va mahalliy aholiga ehtiyotkorlik bilan harakat qilish tavsiya qilingan. Hujum bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyat mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan ham jiddiy kuzatilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar