
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya–Ukraina o‘rtasida 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan muzokaralarning ikkinchi raundida Kiyev delegatsiyasi ishtirok etishini rasman tasdiqladi. U bu haqda o‘zining Telegram-kanalida ma’lumot berdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina tomoni o‘z mustaqilligi, davlatchiligi va xalqining tinchligi uchun barcha zarur harakatlarni amalga oshirayotgan bir paytda, Istanbul muzokaralari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
"Yaqin kunlardagi harakatlar uchun aniq vazifalarni belgilab oldim. Dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan o‘zimizning pozitsiyamizni qat’iy belgiladim", — dedi Zelenskiy.
U muzokaralarda Ukraina tomoni uchun ustuvor bo‘lgan to‘rt asosiy shartni sanab o‘tdi:
• To‘liq va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish.
• Barcha harbiy va fuqaro asirlarini ozod qilish.
• Urush paytida o‘g‘irlab ketilgan ukrain bolalarni vataniga qaytarish.
• Ishonchli va uzoq muddatli tinchlik uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilish hamda yetakchilar darajasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish.
"Bunday masalalarni faqat davlat rahbarlari hal qila oladi", — deb ta’kidladi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina yetakchisi 1 iyun kuni o‘tkazilgan maxsus yig‘ilishda mudofaa va tashqi ishlar vazirlari, Bosh shtab, razvedka va xavfsizlik xizmati rahbarlarining hisobotlarini tinglaganini ma’lum qildi.
Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov rahbarlik qiladi.
Ayni paytda Rossiya delegatsiyasi ham Istanbulga yo‘l olgani ma’lum qilindi. TASS agentligiga ko‘ra, delegatsiyaga RF prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda. Avvalroq, 28 may kuni Umerov va Medinskiy telefon orqali muloqot qilib, muzokaralarning sanasi va reglamentini kelishib olgan edilar.
Rossiya delegatsiyasi Istanbulda o‘tkaziladigan uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha memorandum loyihasi hamda qo‘shimcha takliflar bilan ishtirok etadi.
Muzokaralardan natija qanday chiqishi noma’lum, ammo bu muloqot harbiy to‘qnashuvni siyosiy yo‘l bilan hal etish imkoniyati sifatida jahon hamjamiyati tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda.
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar