date
views 631

Ishga suzish orqali boruvchi inson: Bosfordagi g‘ayrioddiy hayot

Ishga suzish orqali boruvchi inson: Bosfordagi g‘ayrioddiy hayot
Turkiyaning metropolisi — Istanbulda yashovchi Jengiz Xon ismli fuqaro har kuni ishga borish uchun noodatiy yo‘lni tanlagan. U har safar Bosfor bo‘g‘ozini suzish orqali kesib o‘tadi. Bu haqda Britaniyaning “The Times” nashri yozmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jengiz Xon erta tongda uyg‘onadi, shaxsiy buyumlarini suv o‘tkazmaydigan maxsus qopqa joylaydi va taxminan 30 daqiqa ichida Bosforni suzish orqali kesib o‘tadi. Unga duch kelishi mumkin bo‘lgan turli katta kemalar va oqimlar xavfini e’tiborga olgan holda, u har bir harakatini aniq va ehtiyotkorlik bilan rejalashtiradi.

Jengiz Xon faol ishtirokchisi bo‘lgan “Sarayburnu Fatihleri” nomli suzish klubi ham bor. Bu klubda taxminan 400 nafar suzuvchi a’zo sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ular hafta davomida uch yoki to‘rt marta Bosfor bo‘ylab suzish bilan shug‘ullanadi. Klubning ba’zi a’zolari bu ishni 20 yildan beri amalga oshirib kelishmoqda, Xon esa 8 yillik tajribaga ega.

"Suzayotgan paytimda, barcha tashvishlarim yo‘qoladi. Hech qanday mobil telefon, hech qanday shovqin. Faqat dengiz, hotirjamlik va men", — deydi u.

Suzish paytida shamol va oqimlarni hisobga olish muhim rol o‘ynaydi. Sug‘urta sifatida klub a’zolari sohildagi Turkiya bayrog‘iga qarab harakatlanishadi — bu ularga shamol yo‘nalishini aniqlashda yordam beradi. Ammo barchasi ham doimgidek oson kechmaydi. Bir safar Jengiz Xonni kema tomoniga tortib ketgan kuchli oqim tufayli sohil qo‘riqchilari qutqarib qolishga majbur bo‘lishgan.

Ekspertlar ta’kidlashicha, bunday usulda harakatlanish yuqori tajriba va mustahkam jismoniy tayyorgarlikni talab qiladi. Chunki Bosfordagi oqimlar har doim bir xil emas va notayin holatlar ham ko‘p uchraydi.

Shuning uchun ham Xon va uning hamfikrlari dunyodagi kam sonli insonlar qatorida shunday o‘ziga xos va erkin hayot tarzini tanlaganlar. Ular uchun Bosfor — faqatgina tabiiy to‘siq emas, balki shaxsiy muvozanat va ichki hotirjamlik manbai hamdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ishga suzish orqali boruvchi inson: Bosfordagi g‘ayrioddiy hayot