date
views 416

Ukraina Rossiya aviabazalariga zarba bergan videoni oshkor qildi!

Ukraina Rossiya aviabazalariga zarba bergan videoni oshkor qildi!
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) tomonidan «Pavutina» («O‘rgimchak to‘ri») maxsus operatsiyasining to‘liq va batafsil videosi ommaga taqdim etildi. Unda Ukraina qo‘shinlarining dronlari orqali Rossiyaning bir necha strategik va uzoq masofali aviatsiya bazalariga amalga oshirilgan zarbalarning aniq tasvirlari aks etgan.

UXX tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, videolavhalarda Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi «Belaya», Murmansk viloyatidagi «Olenya», Ivanovo viloyatidagi «Ivanovo-Severniy» va Ryazan viloyatidagi «Dyagilevo» aerodromlari hujumga uchraganini ko‘rish mumkin.

Ayniqsa, Ivanovo va Ryazan aerodromlariga qilingan zarbalarning videosi ilk marta oshkor qilinmoqda. Bu aerodromlardagi zarbalar avval OAVda paydo bo‘lmagan edi.

Ma’lumot uchun, «Ivanovo-Severniy» aviabazasi, asosan, havodagi obyektlarni aniqlash va boshqarish bo‘yicha ixtisoslashgan A-50 samolyotlari bazasi hisoblanadi. UXX tomonidan e’lon qilingan videoda dronlar aynan shunday samolyotlardan ikki donasiga kelib tushganini ko‘rish mumkin. Ammo kadrlarda ushbu hujumning oqibatlari aniq ko‘rsatilmagan.

«Dyagilevo» aerodromida olingan tasvirlarda esa dronning Rossiyaning strategik Tu-22M3 samolyotiga kelib urilgan payti aniq aks etgan, biroq bu yerda ham portlash va uning oqibatlari bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

Ukraina maxsus xizmati vakillari esa, o‘z navbatida, ushbu hujumlarda A-50 samolyotlariga jiddiy zarar yetkazilganini iddao qilmoqda. Biroq videolar orqali bu jarayonlarning tafsilotlari, portlashlar yoki zararning aniq ko‘rinishini aniqlashning iloji yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyun kuni Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiya hududidagi aviabazalarga keng ko‘lamli «Pavutina» amaliyotini o‘tkazgani haqida ma’lumot bergandi. Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, mazkur operatsiya doirasida «Olenya», «Belaya», «Ivanovo-Severniy» va «Dyagilevo» harbiy aerodromlari nishonga olingan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, bu keng qamrovli maxsus amaliyotda 117 ta zamonaviy FPV-dron va aynan shu sonda operatorlar qatnashgan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, ushbu keng ko‘lamli hujumni boshqarish uchun maxsus «operatsiya markazi» Rossiya hududida, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX)ning hududiy boshqarmasi shtab-kvartirasi yaqinida joylashgan. Shuningdek, prezidentning tasdiqlashicha, bu amaliyot natijasida Rossiyaning 41 ta samolyoti turli darajadagi zarar ko‘rgan va ulardan yarmini qayta tiklashning iloji yo‘q.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa ushbu hujumlarni qisman tan olgan holda, faqatgina Murmansk va Irkutsk aviabazalarida «ayrim samolyotlarning yongani»ni ma’lum qilgan.

Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarga ko‘ra, Ukraina dronlari tomonidan Murmansk viloyatidagi «Olenya» aerodromida amalga oshirilgan hujum natijasida kamida 4 ta Tu-95MS turidagi bombardimonchi va bir dona An-12 turidagi harbiy-transport samolyoti to‘liq yo‘q qilingan.

Irkutsk viloyatidagi «Belaya» aerodromiga qilingan hujum esa yanada jiddiy oqibatlarga olib kelgan. Bu yerda, sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarga ko‘ra, eng kamida 7 ta strategik samolyot (3 ta Tu-95MS va 4 ta Tu-22M3) yonib, yaroqsiz holatga kelgan.

Hozirgi kunda bu hujumlar xalqaro miqyosda katta muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmatining «Pavutina» amaliyoti natijasida Rossiya strategik aviatsiyasining sezilarli qismini yo‘q qilishda muvaffaqiyatga erishganini iddao qilmoqda. Rossiya tomoni esa hozircha o‘z tasdiqlagan ma’lumotlar bilan cheklanib qolgan.

Xalqaro kuzatuvchilar bu kabi amaliyotlarning keskinlashuvi jang maydonlaridan tashqarida ham vaziyatning yanada chigallashuviga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda. Bu kabi holatlarning davom etishi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshiliklarning yanada chuqurlashuviga va mojaro miqyosi kengayishiga olib kelishi mumkin, degan xavotirlar ham mavjud.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Rossiya aviabazalariga zarba bergan videoni oshkor qildi!