date
views 328

“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi

“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Avvaliga Kiyevga rosa bosim qilgan AQSH prezidenti Tramp o‘sha mashhur janjalda Zelenskiyga qarata: “Qo‘lingizda kartalar yo‘q!” deya bir necha marta takrorlagandi. Lekin unday emasligi ayon bo‘lmoqda. Ukraina RFning eng ichkari hududlarida ham muvaffaqiyatli operatsiyalar o‘tkazib, “qo‘lidagi kartalari”dan birini stolga tashladi.

1 iyun kuni Ukraina “O‘rgamchak to‘ri” operatsiyasini amalga oshirdi. Bu – urushlar tarixidagi unikal operatsiyalardan biri bo‘ldi.

Rossiya – dunyodagi eng katta hududga ega davlat. Kaliningraddan Vladivostokkacha 10 ming kilometrdan oshadi. Shunga qaramay, Ukraina Rossiya ichkarisidagi, front chizig‘idan ancha uzoq mintaqalariga ham hujum qila oldi. Jumladan, Irkutsk oblastidagi “Belaya”, Ivanovo oblastidagi “Ivanovo”, Murmansk oblastidagi “Olenya” va Ryazan oblastidagi “Dyagilevo” harbiy bazalariga dronlar hujumi amalga oshirildi.

Ukraina uzoq masofalardagi bu harbiy aerodromlargacha o‘z dronlarini yashirin tarzda olib borishni uddalagan. Hujumga uchragan samolyotlar oddiy samolyotlar emas. Zelenskiyning aytishicha, 40 dan ortiq strategik bombardimonchi samolyotlar yo‘q qilingan yoki zarar yetkazilgan. Biroq, mustaqil ekspertlar fikriga ko‘ra, yo‘q qilingan yoki jiddiy zarba yetkazilgan samolyotlar 13-15 dona bo‘lishi mumkin.

Eng muhimi, yo‘q qilingan samolyotlar orasida TU-22M3 va TU-95 kabi strategik qiruvchi samolyotlar bor. Ular SSSR davrida ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirda ishlab chiqarilmaydi. Bu samolyotlar uzoq masofaga ucha oladi va bir nechtalab atom bombalari tashiy oladi. Demak, Ukraina 500 dollarlik dronlar bilan bir necha o‘n millionlab dollar turadigan samolyotlarni yo‘q qila oldi.

Shu yil fevral oxirida Oq uyda Zelenskiy bilan janjallashgan Tramp unga: “Qo‘lingizda kartangiz yo‘q!” degan edi. Lekin “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi orqali, Zelenskiy qo‘lida kartasi borligini ko‘rsatmoqda. 2 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari yana uchrashishdi. Bu uchrashuvdan oldin Ukrainaning Rossiya strategik samolyotlarini yo‘q qilgani uchrashuvlar ohangiga katta ta’sir qildi. Ko‘pchilik “Ukraina yengilmoqda” degan qarashga moyil edi, biroq Ukraina har safar yangi usullar bilan Rossiyaga jiddiy zarbalar bermoqda, bosimlar qilmoqda.

1999 yilning dekabrida hokimiyatga kelgan Vladimir Putin bir muddat Rossiya prezidenti bo‘lmadi: u oliy hokimiyatni Dmitriy Medvedevga berib, 4 yilcha bosh vazir bo‘lib turdi. Shundan keyin 2011 yilda yana prezidentlikka qaytdi. O‘shanda u Yevrosiyo loyihasi bilan qaytgandi. Aynan shuning uchun u Ukrainani birinchi o‘rinda nishonga oldi. Putin endi g‘arbdan, AQSH va Yevropadan masofa saqlab, sharq tomon burilishni niyat qiladi. Ukrainaga nisbatan katta loyihalarni rejalaydi, Qrimni anneksiya qiladi, so‘ngra qo‘shni davlat hududiga bostirib ham kiradi.

Shuning uchun, Rossiya-Ukraina urushi – bu juda ko‘p xalqlar uchun tarixiy ahamiyat kasb etadigan urush. Bu urush natijasida, Ukrainaning taqdiri hal bo‘ladi, ukrain tili va madaniyatining taqdiri belgilanadi, rasmiy Kiyevning siyosiy va geosiyosiy mustaqilligi masalasi hal bo‘ladi. Qolaversa, bu urush Yevropa uchun ham tarixiy ahamiyatga ega. Agar Ukraina yengilsa, Yevropa Ittifoqidagi bir qancha davlatlarga bosim kuchayadi. Hammasidan ham, bu urushning postsovet hududidagi yangi mustaqil davlatlar uchun ahamiyati mutlaqdir. Bu urush, eng avvalo, Rossiyadagi imperiyachilik kayfiyatini yoki tugatadi, yoki kuchaytiradi.

Yaxshi yangilik shuki, Ukraina yengilmayapti. Novatorlik bilan o‘z mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, xalqaro subyektligi uchun kurashmoqda. Qolaversa, keyingi oylarda Trampning ham qarashlari keskin o‘zgardi. Boshida Tramp Ukrainaning o‘zini ayblagandi, “urushni boshlaganlikda” malomat qilgan edi. Biroq, endi tushunyaptiki, aslida Putin urushni tez tugatishdan manfaatdor emas. Putin shu paytga qadar “Ukraina charchagan, biz yengayapmiz va yengamiz” degan kayfiyatda edi. Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” va boshqa operatsiyalari shuni ko‘rsatadiki, Ukraina nafaqat strategik jihatdan yengilmayapti, balki Rossiyaning eng uzoq hududlarida ham qaqshatqich zarbalar berishni uddalayapti.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi