
Rossiya elektronika bozorida ahamiyatli o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Mamlakat ishbilarmon doiralari va IT-mutaxassislar import noutbuklarga mahalliy ishlab chiqarilgan operatsion tizimlarni o‘rnatishni majburiy qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Bu haqda Rossiyaning Fplus IT-xoldingi boshqaruv sherigi Aleksey Melnikov ommaviy axborot vositalariga ma’lum qildi.
Endilikda Rossiyadagi elektronika do‘konlari, internet-do‘konlar va marketpleyslarda sotilayotgan barcha noutbuklarga mahalliy ishlanmalar – «Alt», Astra Linux yoki Red OS kabi operatsion tizimlardan biri o‘rnatilgan bo‘lishi kerakligi taklif etilmoqda. Melnikov bu yangi talabning mamlakat iqtisodiyotiga yoki bozoriga salbiy ta’siri bo‘lmasligiga ishonch bildirdi. «Hech narsa yuz bermaydi – na inflyatsiya, na bozordagi boshqa turdagi hodisalar», – deb ta’kidladi u.
Bu tashabbus avvalroq smartfonlarga Rossiya ilovalarini majburiy ravishda o‘rnatish tartibiga o‘xshashdir. Ya’ni, endi noutbuk sotib olgan iste’molchi qurilmani birinchi marta ishga tushirish jarayonida o‘zi xohlagan mahalliy operatsion tizimni tanlay oladi. Biroq smartfonlarga «Avrora» yoki Red OS Mobile kabi Rossiya mobil operatsion tizimlarini o‘rnatish g‘oyasi raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayev tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Sabab sifatida esa bu holat import mahsulotlari hajmining pasayishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Rossiya elektron kommunikatsiyalar assotsiatsiyasi rahbari Yekaterina Demkina noutbuklarga ommaviy ravishda mahalliy operatsion tizimlarni o‘rnatish jarayonining juda ham murakkab bo‘lishini ta’kidladi. Uning fikricha, mahalliy dasturchilar tomonidan taqdim etilayotgan OS'larning hozirgi tayyorligi yetarli darajada emas. Bu esa joriy qilinayotgan talablarni to‘liq bajarish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab etishi mumkin.
Ayni vaqtda Rossiya bozorida mahalliy operatsion tizimlar o‘rnatilgan noutbuklarning umumiy ulushi juda past darajada qolmoqda – taxminan 2-3 foiz atrofida. 2024 yilda Rossiyada noutbuklar bozori 242 milliard rublga (taxminan 3,9 million qurilma) o‘sganiga qaramasdan, 2025 yilning birinchi choragida noutbuklar sotuvi ko‘rsatkichi 12 foizga kamayganini «Kommersant» nashri o‘z manbasiga tayangan holda ma’lum qilgan.
Mutaxassislar bu tashabbus mamlakatning texnologik mustaqilligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, ayrim tahlilchilar va bozor ishtirokchilari yangi talabning joriy etilishi Rossiya elektronika bozorida keskin o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda. Ushbu yangi tartib qachondan boshlab amalga oshirilishi haqida aniq muddat e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, u rossiyalik iste’molchilar uchun muhim o‘zgarishlarning boshlanishiga ishora qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar