
Mashhur «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) Afrika mamlakati – Malidan chiqib ketish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda «Razgruzka Vagnera» Telegram-kanali orqali ommaga ma’lum qilingan. Ushbu kanal asosan yollanma jangchilarga yaqinligi bilan tanilgan.
Xabarga ko‘ra, «Vagner» XHK Malining xavfsizligini ta’minlash va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘zining asosiy missiyasini to‘liq bajargan. Jangchilar mamlakat hududida 3,5 yil davomida faoliyat yuritib, mahalliy xavfsizlik kuchlari bilan yaqindan hamkorlik qilganliklarini ma’lum qilishgan.
«Biz Mali xalqining tinchligini saqlash uchun ko‘p yillar davomida tinch aholini qo‘rquvda saqlagan minglab jangarilar va ularning asosiy yetakchilarini yo‘q qildik. Mahalliy vatanparvar kuchlarga o‘z vatanlarini mustaqil himoya qilish uchun zarur tayyorgarlik va harbiy intizom berishga ko‘maklashdik. Va eng muhim vazifamiz — barcha mintaqaviy poytaxtlarni qaytadan rasmiy hukumat nazorati ostiga qaytarish edi. Hozir bu vazifa bajarildi. Bizning Malidigi missiyamiz muvaffaqiyatli yakunlandi va biz uyga qaytmoqdamiz», – deyiladi «Vagner» XHK tomonidan tarqatilgan rasmiy bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, «Vagner»ning Malidagi faoliyati haqidagi ilk xabarlar 2021 yilning sentyabrida paydo bo‘lgandi. Bu vaqtda Malida siyosiy vaziyat keskin o‘zgargan, davlat to‘ntarishi orqali hokimiyat tepasiga polkovnik Assimi Goita kelgan edi. O‘sha paytda mamlakatdan 5 ming nafar fransuz harbiylari olib chiqilgan va mamlakat xavfsizligini ta’minlashda yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida «Vagner» XHK yollanma jangchilarni jalb qilishga kirishgandi.
G‘arb ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, yollanma jangchilar Malining harbiy kuchlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va yuqori lavozimli amaldorlarning xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishlari lozim edi. Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vazirligi ushbu bitim mavjudligini amalda tasdiqlagan bo‘lsa-da, rossiyalik rasmiy shaxslarning bu jarayonlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini bir necha marta ta’kidlab o‘tgan.
«Vagner»ning ushbu Afrika mamlakatidagi bir yillik faoliyati bo‘yicha maxsus tadqiqot hisoboti ham e’lon qilingandi. All Eyes On Wagner loyihasi tomonidan tayyorlangan ushbu hisobotda yollanma jangchilarning tinch aholiga nisbatan ommaviy zo‘ravonliklar, bosqinlar va boshqa qonunbuzarliklarni amalga oshirgani haqida dalillar keltirilgan.
2024 yil yozida Malining shimolida hukumat qo‘shinlari va tuareg isyonchilari o‘rtasida keskin janglar sodir bo‘ldi. Ushbu to‘qnashuvlar paytida hukumat qo‘shinlari bilan birga harakat qilgan «Vagner» jangchilari ham dushman tuzog‘iga tushib qolgan va ular orasida jiddiy qurbonlar bo‘lgan. Turli manbalarning xabar berishicha, bu to‘qnashuvlarda 20 dan 80 nafargacha «Vagner» jangchisi halok bo‘lgan.
Bugungi kunda «Vagner»ning Malidan chiqib ketishi bilan bog‘liq xabarlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Tahlilchilar fikricha, bu vaziyat Malining xavfsizlik tizimida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Mahalliy hukumatning mazkur voqealarga nisbatan munosabati hozircha aniq emas. Lekin «Vagner»ning mamlakatdan chiqishi hukumat kuchlari uchun jiddiy sinov bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Shu bilan birga, ushbu qarordan so‘ng Malidagi siyosiy va xavfsizlik vaziyati yanada keskinlashishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Shunday qilib, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining Malidan chiqib ketishi ortida qanday siyosiy-harbiy maqsadlar yotganligi, kelgusida bu mamlakatning xavfsizligi qay darajada ta’minlanishi kabi muhim savollar o‘z javobini kutadi. Bu jarayon, shubhasiz, xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘lib qolaveradi.
Foto: AP “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar