date
views 586

Zelenskiy Trampga keskin javob berdi: «Biz bola emasmiz!»

Zelenskiy Trampga keskin javob berdi: «Biz bola emasmiz!»
AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli mojaroni bolalar maydonchasidagi ikki bolaning oddiy mushtlashuviga qiyoslagan bayonoti Kiyevda qattiq e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Amerikaning bu so‘zlariga keskin va bevosita munosabat bildirdi.

ABC News telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy AQSH prezidentining mazkur bayonotini «fojiali voqelikni kamsitish va soddalashtirish» deb atadi.

«Biz bolalar emasmiz, Putin esa maydonda o‘ynayotgan yosh bola emas. Bu kabi taqqoslashlar mojaroning haqiqiy fojiasini umuman aks ettirmaydi. Bu janglarda har kuni yuzlab odamlar, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lmoqda», – deb ta’kidladi Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi o‘z nutqida urush oqibatida yaqinlarini yo‘qotgan oddiy ukrainaliklarning dardini misol qilib keltirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday o‘xshatish inson hayotini arzonlashtirish bilan teng.

Zelenskiyning fikricha, urush holatidan minglab kilometr uzoqda joylashgan odamlar, shu jumladan, Tramp ham voqealarning asl mohiyatini to‘liq anglashi qiyin.

«Bu gap nafaqat Trampga tegishli, balki mojaro mintaqasidan uzoq bo‘lgan har bir insonga ham daxldor. Ular ukrainaliklar har kuni yuzlashadigan azob va musibatlarni his qila olmaydi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Shu o‘rinda, siyosiy tahlilchilar Kiyev tomonidan Trampga nisbatan tanqidiy munosabatlar so‘nggi paytlarda ancha kuchayib borayotganini ta’kidlashmoqda. Siyosatshunos Sergey Markov ham o‘z mulohazalarida Zelenskiyning amerikalik yetakchiga qaratayotgan keskin tanqidlari hozirgi vaqtda jiddiy tus olganiga e’tibor qaratdi.

«Zelenskiy Trampga nisbatan bunday keskinlik bilan birinchi marta chiqishayotgani yo‘q. Bir oydan ziyod vaqtdan buyon u Trampning har bir bayonotiga qattiq e’tiroz bildirmoqda. Tramp esa Kiyevdan kelayotgan bunday tanqidlarga nimadir sababdan javob bermayapti, balki u muhim qaror qabul qilishdan chekinayotgandir», – deb taxmin qilmoqda ekspert.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bloomberg agentligi AQSH prezidenti Donald Tramp Germaniya kansleri Fridrix Merts bilan uchrashuvi paytida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro haqida noodatiy fikr bildirganini yozgan edi. Oq uy rahbari ikki davlatni tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin «bir oz kurashib olishlariga ruxsat berish» zarurligini ta’kidlagan.

Bu qarashini tushuntirar ekan, Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lgan oxirgi telefon muloqotida ham aynan shu qiyoslashdan foydalanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bolalar urishganda ular bir-biridan nafratlanishadi va ajratishga harakat qilsangiz, ular qarshilik qiladi. Ba’zan, ularni ajratishdan oldin biroz urushib olishlariga imkon berish zarur».

Tramp bu fikrini sportdagi vaziyatlarga ham o‘xshatdi: «Xokkey yoki boshqa sport turlarida hakamlar o‘yinchilarni bir oz urishib olishga ruxsat beradi. Chunki bu bilan ular ichki g‘azabini chiqarib oladi».

Bu bayonot Rossiya rasmiylari tomonidan ham o‘zgacha qabul qilindi. Xususan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Oq uy rahbarining qarashi uning shaxsiy nuqtayi nazari bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, Rossiya uchun esa bu masala juda jiddiy ekanini urg‘ulagan edi:

«Biz uchun bu sodda bir bolalar janjali emas, bu – milliy xavfsizlik, mamlakat kelajagi va farzandlarimizning taqdiri bilan bog‘liq ekzistensial savoldir», – dedi u.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Trampning bu kabi qarashlari Ukrainada jiddiy norozilikka sabab bo‘lishdan tashqari, xalqaro hamjamiyatdagi obro‘siga ham zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli, bu vaziyatda AQSH va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarda yangi chigallik paydo bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Trampga keskin javob berdi: «Biz bola emasmiz!»