
Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mamlakatda raqamli muloqot va davlat xizmatlarini birlashtiruvchi yangi milliy platforma yaratish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu platforma nafaqat oddiy messenjer vazifasini bajaradi, balki fuqarolarga davlat va tijorat xizmatlaridan xavfsiz va oson foydalanish imkonini yaratadi. Mutasaddilar bu yangilikni Rossiyaning raqamli suvereniteti va axborot xavfsizligini mustahkamlash sari qo‘yilgan muhim qadam sifatida baholamoqda.
Yangi platforma orqali davlat va munitsipal idoralar, turli darajadagi ta’lim muassasalari, biznes va fuqarolar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va himoyalangan raqamli muloqot qilish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar turli ariza va hujjatlarni elektron imzo orqali rasmiylashtirishi, shaxsiy ma’lumotlarini, yoshi yoki imtiyozlarini tasdiqlashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, yangi raqamli platformada barcha turdagi ta’lim xizmatlari, maktab va oliy o‘quv yurtlari chatlari ham jamlanadi.
Rossiya raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizim davlatning mashhur "Gosuslugi" portali bilan integratsiya qilinishi va mamlakatning katta aholisi uchun yangi qulayliklar yaratishi mumkin. Shu munosabat bilan, may oyi oxiridagi bayonotlarda bu ilovaning “Max” deb nomlangan yangi universal platformasi asosida ishlab chiqilishi kutilmoqda. Max — VK kompaniyasi tomonidan yaratilgan innovatsion loyiha bo‘lib, u messenjer, ijtimoiy tarmoq, qidiruv tizimi, elektron to‘lovlar, chipta bron qilish, shifokor qabuliga yozilish va hatto oziq-ovqat buyurtmalarini o‘z ichiga oladi.
Jurnalistlar bu loyihani Xitoyning mashhur WeChat ilovasiga o‘xshatishmoqda. WeChat butun dunyoda ko‘p funksiyali super-ilova sifatida tanilgan. Foydalanuvchilar unda muloqot qiladi, davlat xizmatlaridan foydalanadi, pul o‘tkazmalari amalga oshiradi va har kunlik turmush uchun zarur bo‘lgan deyarli barcha xizmatlarga ega bo‘ladi. Ammo, WeChat ko‘p bor senzura va kuzatuvda ayblangani ham qayd etilgan.
Rossiyadagi yangi raqamli xizmat platformasi esa, birinchi navbatda, axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishni ustuvor vazifa deb biladi. Xavfsizlik xizmati va maxsus nazorat organlari ilovaning barcha funksiyalari ustidan monitoring o‘rnatadi. Bunday yondashuv fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, raqamli suverenitetni ta’minlash va raqamlashtirish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Qabul qilingan qonunga ko‘ra, davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar endi barcha zarur hujjatlarni yagona ilova orqali tasdiqlaydi, elektron identifikatsiya, yosh va imtiyozlarning avtomatik aniqlanishi, onlayn konsultatsiyalar va ko‘plab qulayliklardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Tizim, ayniqsa, masofaviy ta’lim, onlayn biznes va elektron hukumat yo‘nalishida katta samara beradi, deb kutilmoqda.
Shunday qilib, Rossiyada messenjer, ijtimoiy tarmoq, davlat va tijorat xizmatlarini birlashtirgan yangi raqamli platforma yaratish g‘oyasi amalga oshmoqda. Bu loyiha mamlakatning axborot maydonida yangi bosqichni boshlab berishi, fuqarolar hayotida esa katta o‘zgarishlarni olib kelishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar