
So‘nggi paytlarda ijtimoiy so‘rovlar niqobi ostida odamlarning ovozini yozib olib, sun’iy intellekt yordamida soxta videolar (dipfeyklar) yaratish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda VisionLabs kompaniyasining mahsulotlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tatyana Deshkina RIA Novosti axborot agentligiga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi firibgarlik sxemalarida hujumchilar o‘zlarini sotsiologik tadqiqot markazlari yoki ijtimoiy so‘rov tashkilotlari vakili sifatida tanishtirib, fuqarolarni uzoq suhbatga jalb qilishga harakat qiladi. Maqsad — shaxsning ovozini turli ohang va intonatsiyalarda, shovqinsiz muhitda kamida 20 soniya davomida yozib olish.
"Yozuv qancha uzun bo‘lsa, tovushni sun’iy yo‘l bilan shunchalik real va aniq ko‘chirish mumkin. Bu esa soxta ovozli xabarlar, hatto odamning ishtirokidek ko‘rinuvchi videolar tayyorlash imkonini beradi", — deydi Deshkina.
Soxta videolar orqali ishonchli firibgarlik
Eng xavfli jihati shundaki, ushbu ovozli klonlar soxta videoyozuvlar bilan birgalikda ishlatiladi. Firibgarlar Telegram, WhatsApp yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda soxta sahifalar yaratib, siz bilgan odamlarning nomidan “sun’iy” video yoki audio murojaatlar yuborishi mumkin.
Bu kabi uslublar texnologiyadan xabardor insonlarni ham adashtirishi, natijada moliyaviy yoki shaxsiy axborotlar firibgarlar qo‘liga tushishi mumkin.
Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?
- Sizga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilinib, uzoq suhbatga jalb etishsa, hushyor bo‘ling.
- Suhbatda o‘zingizni shubhali yoki ortiqcha ma’lumot berishga majbur bo‘layotgandek his qilsangiz, suhbatni darhol yakunlang.
- Ovozli yoki videoxabar orqali sizga notanish iltimoslar bildirilar ekan, uning haqiqiyligiga to‘liq amin bo‘lmaguncha, javob bermang.
Texnologiya rivojlanmoqda, ammo firibgarlar ham shu bilan birga usullarini takomillashtirmoqda. Shu sababli har qanday aloqa vositasida hushyorlikni yo‘qotmaslik lozim.
Ogoh bo‘ling, sizning ovozingiz — firibgarning quroliga aylanmasin! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar