date
views 127

Yaponiyada turistlar uchun sug‘urta va soliq nazorati kuchaytirildi

Yaponiyada turistlar uchun sug‘urta va soliq nazorati kuchaytirildi
Yaponiya hukumati chet ellik turistlar uchun mamlakatga kirish qoidalarini keskin kuchaytirmoqda. Yangi tartiblar haqida Tengrinews nashriga tayanib xabar berilmoqda. Maqsad – tibbiy muassasalarga ortib borayotgan moliyaviy yuklamani kamaytirish va davlat budjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish.

Yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda sug‘urta polisiga ega bo‘lmagan sayyohlar Yaponiyaga kirish ruxsatini ololmaydi. Shuningdek, mamlakatda davolanib, to‘lovni amalga oshirmagan xorijliklarga takroriy viza berilmaydi. Bundan tashqari, shifoxonalar to‘lanmagan xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri immigratsiya organlariga yetkazib beradi va turli xizmatlarda qarzdorlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Yaponiya hukumati bu o‘zgarishlarning sababini so‘nggi yillarda chet elliklar tomonidan shifoxona xizmatlaridan foydalanib, so‘ngra pul to‘lamasdan mamlakatni tark etish holatlari ko‘paygani bilan izohlamoqda. Faqat 2024 yil sentyabr oyidagina 11 mingdan ortiq xorijlik Yaponiyada davolangan bo‘lsa, ulardan 90 nafaridan ortig‘i 61 million iyenga yaqin qarz qoldirgan. Bu esa shifoxonalar va mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy muammoga aylandi.

Olib borilgan so‘rovlar ko‘rsatmoqdaki, Yaponiyaga kelayotgan sayyohlarning 30 foizi sug‘urtasiz tashrif buyuradi. Bu esa mamlakat iqtisodiyoti uchun xavf tug‘diradi. Yana bir jiddiy muammo – Yaponiyada doimiy yoki uzoq muddatga yashovchi xorijliklarning ham faqat 63 foizi milliy tibbiy sug‘urta dasturiga ro‘yxatdan o‘tgan. Yaponiyaliklar uchun bu ko‘rsatkich 93 foizni tashkil etadi. Demak, nazoratni yanada kuchaytirish orqali bu sohada tartib va adolat tiklanishi kutilmoqda.

Yangi tartiblarga ko‘ra, vizani uzaytirish jarayonida sug‘urta va soliqlar to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlar so‘ralishi mumkin. Shu bilan birga, Yaponiya hukumati mashhur “soliqsiz xarid qilish” tizimini ham tubdan o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. 2026 yil 1 noyabrdan boshlab, 10 foiz soliq to‘g‘ridan to‘g‘ri do‘konda xarid vaqtida undiriladi, keyinchalik esa pulni qaytarib olish uchun jo‘nab ketishdan avval maxsus ariza to‘ldirish talab etiladi.

Shuningdek, Yaponiya elektron sayohat ruxsatnomasini joriy etishga qaror qildi. 2030 yilgacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ushbu tizim avvalroq boshlanishi mumkin. AQSH, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Singapur kabi 71 ta vizasiz davlat fuqarolari Yaponiyaga safar qilish uchun onlayn tarzda maxsus shaklni to‘ldirishlari lozim bo‘ladi. Bu Koreyaning KETA yoki Kanadaning eTA tizimiga o‘xshaydi — vizasiz bo‘lsa-da, oldindan elektron ro‘yxatdan o‘tish shart.

Oxirgi statistikaga ko‘ra, 2024 yilda Yaponiyaga 36,8 million xorijiy mehmon kelgan, 2025 yilning aprelida esa 3,91 million turist mamlakatga tashrif buyurgan. Turistlar oqimi yildan-yilga oshib borayotgani bilan birga, yirik shaharlardagi shifoxonalarda navbatlar va moliyaviy bosim ortib bormoqda.

Yaponiyaning mazkur qat’iy qadamlari nafaqat turistlar, balki mamlakatda doimiy yoki vaqtincha yashovchi xorijliklar uchun ham birdek amal qiladi. Yangi qoidalar turizm sanoatidagi moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, chet ellik mehmonlarning mas’uliyatini oshirish va mamlakat tibbiy xizmatlarining sifatini saqlab qolishga qaratilgan.

Foto: The New York Times
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada turistlar uchun sug‘urta va soliq nazorati kuchaytirildi