
Argentina siyosiy hayotida shov-shuvli voqea: mamlakatni 2007–2015 yillarda boshqargan sobiq prezident Kristina Kirshner korrupsiya ayblovi bilan sud hukmi ostida qoldi. 10 iyun kuni Argentina Oliy sudi uni aybdor deb topib, 6 yilga qamoq jazosiga hukm etdi va umrbod davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qildi. Endi Kirshner uchun siyosiy faoliyat yo‘li mutlaqo yopildi — u parlament saylovlarida nomzodini qo‘ya olmaydi.
Ayni paytda Kristina Kirshner ozodlikda, ammo sud qaroridan so‘ng 18 iyunga qadar hibsga olinishi kutilmoqda. Advokatlari uning 70 yoshdan oshganini hisobga olib, jazoni Buenos-Ayresdagi uyida o‘tashga ruxsat berishni talab qilmoqda. Argentina qonunchiligiga ko‘ra, 70 yoshdan katta mahkumlarga shu huquq beriladi. 72 yoshli Kirshnerga ham bu imtiyoz qo‘llanilishi mumkin.
Kirshnerga qarshi bo‘lgan «Avtomobil yo‘li ishi» 2008 yilda bir necha muxolifat deputati arizasi bilan boshlangan. Tergov davomida 2003–2015 yillarda Argentina janubidagi Santa-Kruz provinsiyasida yo‘l qurilishiga doir davlat tenderlarining 80 foizi Austral Construcciones kompaniyasiga berilgani aniqlangan. Ushbu kompaniya 50 dan ortiq loyihani olib, ularning yarmini tugallamasdan tashlab ketgan. Eng muhimi — kompaniya Kirshner oilasi do‘sti, biznesmen Lazaro Baesga tegishli bo‘lgan. Budjet mablag‘lari ortiqcha va nazoratsiz sarflangani, ko‘plab yo‘llar faqat qog‘ozda qurilgani ma’lum bo‘ldi.
Sud jarayonida Kristina Kirshner bu ishni to‘liq siyosiy deb atadi va o‘zini oqlashga urinib, ayblovlarni rad etdi. Biroq sud ta’kidicha, korrupsiya va manfaatdorlik holatlari aniqlangan va barcha dalillar yig‘ilgan. Oliy sud hukmi milliy parlament saylov kampaniyasi qizg‘in pallasida chiqarildi. Argentinadagi ovoz berish jarayoni 2025 yil oktyabrga belgilangan bo‘lib, endi Kirshner bu jarayonda ishtirok eta olmaydi.
Bu voqea Argentina jamiyatida qattiq bahs va norozilikka sabab bo‘ldi. Hukm e’lon qilingan zahotiyoq minglab tarafdorlar mamlakatning turli shaharlarida norozilik aksiyalariga chiqdi, sud qarorini siyosiy bosim va adolatsizlik deb baholadi. Ayni paytdagi prezident, libertar Xaviyer Miley esa Isroilda bo‘lib turib, mazkur xabarni quvonch bilan qabul qildi va “adolat qaror topdi”, deya ta’kidladi.
Kristina Kirshner – Argentina tarixidagi eng mashhur va bahsli siyosiy arboblardan biri edi. Uning korrupsiyada aybdor deb topilishi mamlakatda katta siyosiy tozalanish va yangi siyosiy sahifa ochilishining ramzi sifatida baholanmoqda. Sud qarori Argentina tarixida muhim va ibratli voqea sifatida qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar