
Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya 10-iyun, seshanba kuni Isroilning moliya vaziri Betsalel Smotrich hamda milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda xalqaro axborot agentliklari xabar bermoqda.
Mazkur choralar G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlash, ularni kamsituvchi va keskin bayonotlar bilan ommaviy noroziliklarni kuchaytirgani bilan izohlanmoqda.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda:
“Biz ikki davlat asosidagi yechimga sodiqmiz. Bu — isroilliklar va falastinliklarning xavfsizligi, huquqlari va mintaqada barqarorlikni ta’minlashning yagona yo‘lidir. Afsuski, bu pozitsiya ekstremistik ko‘chmanchi zo‘ravonligi va yangi aholi punktlarining kengayishi bilan tahdid ostida qolyapti,” — deyiladi.
Shuningdek, bayonot mualliflari ikki vazirni “falastinliklarga qarshi ekstremistik zo‘ravonlikni ochiqdan-ochiq rag‘batlantirgani, ularni majburan ko‘chirishga va yangi yahudiy aholi punktlarini qurishga da’vat etgani” uchun tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, bu harakatlar inson huquqlarining jiddiy buzilishi sifatida baholanadi.
Ushbu besh davlat Isroil hukumatini xalqaro huquqlar doirasida o‘z majburiyatlarini bajarishga, shuningdek, ekstremistik va tajovuzkor ritorikani to‘xtatishga chaqirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, G‘arb davlatlarining bu kabi sanksiyalari ilk bor emas, ammo aynan hukumat a’zolariga qarshi qaratilgani — diplomatik jabhadagi kuchli signal sifatida qabul qilinmoqda. Bu esa yaqin sharqdagi vaziyat yanada murakkablashishidan darak berishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar