
Rossiya armiyasi 12 iyun, payshanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkivni yana havodan nishonga oldi. Qattiq portlashlar va qurolli hujumlar natijasida shahardagi turli infratuzilma obyektlari, maktablar, bolalar bog‘chalari va ko‘p qavatli uylar og‘ir shikastlandi. Bu haqda shahar meri Igor Terexov va Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati raisi Oleg Sinegubov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kecha davomida Rossiya harbiylari Xarkivga kamida 12 ta Shahed droni orqali zarba bergan. Ulardan biri maktab hududiga, ikkinchisi esa ko‘p qavatli uylar yonidagi bolalar maydonchasiga tushgan. Shuningdek, fitnes markaz, turar joy binolari va muhimi — bolalar bog‘chasi ham vayron qilingan.
Shahar rasmiylarining ta’kidlashicha, otishmalar natijasida kamida 11 kishi, jumladan, 4 nafar bola jarohat olgan. Undan tashqari, o‘nlab avtomashinalarga shikast yetgan, maktablar va uylar oynalari singan.
Bu bilan cheklanilmadi — 11 iyun, chorshanbaga o‘tar kechasi soat 00:31 dan 00:40 gacha Rossiya Qurolli Kuchlari tomonidan Xarkivning Slobodskoy va Osnovyanskiy tumanlariga 17 ta Shahed droni orqali keng ko‘lamli havo hujumi amalga oshirildi. Ushbu hujum natijasida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2 kishi halok bo‘lgan, 54 kishi jarohatlangan. Yaradorlar orasida 5 nafar bola bor.
Mer Terexovning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar faqat qurilish inshootlariga emas, balki fuqarolar yashaydigan uylar, jamoat transporti, trolleybuslar, sanoat obyektlari va muhandislik infratuzilmalariga ham katta zarar yetkazgan. Yonib ketgan avtomobillar, singan oynalar va vayron bo‘lgan maktab binolari jang hududi manzarasini eslatmoqda.
Ushbu hujumlar nafaqat Xarkiv aholisi, balki xalqaro jamoatchilikning ham qattiq tanqidiga sabab bo‘ldi. Chunki to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolar yashaydigan maskanlar, ta’lim muassasalari va bolalar maskanlariga zarba berish Jeneva konvensiyalariga zid hisoblanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar