
Quyosh sirlarini ochish yo‘lida yana bir tarixiy qadam qo‘yildi. Yevropa kosmik agentligining Solar Orbiter apparati insoniyat tarixida birinchi marta Quyoshning janubiy qutbini suratga oldi, deb ESA rasmiy sayti xabar berdi. Ushbu yangilik astronomiya va astrofizika sohalarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’lum qilinishicha, Solar Orbiter qurilmasi so‘nggi oylarda o‘z orbitasini Quyosh ekvatoridan 17 daraja pastga egib harakatlangan. Bu esa unga quyosh ekliptikasi deb ataladigan odatiy harakat tekisligidan chetga chiqib, quyoshning sirli va o‘rganilmagan janubiy qutbiga nazar tashlash imkonini berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qimmatli fotosuratlar va videolar Quyoshning tashqi atmosferasidagi — ya’ni koronadagi — materiya harakatini tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida quyosh bo‘ronlari, plazma chiqishlari kabi jarayonlarni oldindan bashorat qilish, hattoki Yerdagi meteorologik va texnologik ta’sirlarni tushunishda qo‘l kelishi mumkin.
ESA ma’lumotiga ko‘ra, suratlar Solar Orbiter apparatining o‘zidagi 10 ta ilmiy asbobdan uchtasi — Extreme Ultraviolet Imager (EUI), Polarimetric and Helioseismic Imager (PHI) hamda Metis tomonidan olingan.
Quyoshning qutb hududlari astronomlar uchun allaqachon qiziqish uyg‘otgan, chunki bu yerda magnit maydonlari paydo bo‘ladi va Quyosh sikllariga ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda Quyosh faolligining yangi bosqichiga kirganini hisobga olsak, ushbu suratlar kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan geomagnit ta’sirlar, radioaloqa uzilishlari yoki sputniklar faoliyatidagi muammolarni oldindan prognoz qilishda yordam berishi mumkin.
Qayd etish joiz, Solar Orbiter missiyasi 2020 yilda ishga tushirilgan va Yevropaning ESA hamda AQSHning NASA agentliklari hamkorligida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy vazifasi — Quyoshni yaqin masofadan o‘rganib, insoniyatga noma’lum bo‘lgan hududlar va jarayonlar haqida aniq ma’lumotlarni jamlashdir.
Quyoshning janubiy qutbini suratga olish — bu shunchaki kosmik tasvir emas, balki butun insoniyat uchun yangi kashfiyot, fan va texnologiya taraqqiyotining yana bir ramzidir.
Solar Orbiter kelgusida yanada past burchaklardan surat olish orqali bu hududlarni to‘liq tadqiq etishni davom ettirishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar