
2025-yilgi Haj safarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi tinchlik va xotirjamlik ila Vatanga qaytib keldi. 12-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da Jidda — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi HY-5304 reysi Toshkent xalqaro aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Samolyotda 245 nafar ziyoratchi bor edi.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi amalga oshirgan ushbu parvoz orqali 2025-yil Haj mavsumining ilk ziyoratchilari yurtga yetib keldi. Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ularni aeroportda samimiy ehtirom bilan kutib oldilar.
Uchib kelish zali ziyoratchilarni o‘z yaqinlari, farzandlari va qarindoshlari og‘ushida qarshi oldi. Voliyatlardan kelganlar uchun esa maxsus avtobuslar tayyor holda kutmoqda edi. Bu esa ziyoratchilarning aniq tashkil etilgan logistika orqali o‘z shaharlariga qaytib olishini ta’minlashga xizmat qildi.
Mutasaddilar ma’lum qilishicha, 12-iyundan 30-iyungacha Jiddadan Toshkent, Namangan, Qarshi, Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlariga jami 62 ta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu reyslar orqali 15 150 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi muqaddas safardan yurtga qaytishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Haj safari — musulmon kishining hayotidagi eng ulug‘ ibodatlardan biri bo‘lib, undan qaytgan inson ma’naviy poklanish va yangilanish tuyg‘usi bilan yurtini qarshilaydi. Aeroportdagi samimiy muhit, el-yurtimizning ziyoratchilarga bo‘lgan ehtiromi bu safarning qanday ruhiy yuksalishlar bag‘ishlaganini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston ziyoratchilari uchun yaratilgan bu imkoniyatlar — yurtimizdagi diniy erkinlik, tinchlik va barqarorlik siyosatining amaliy samarasidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar