date
views 706

Isroil Eronga kutilmagan zarba berdi — mintaqada taranglik avjida

Isroil Eronga kutilmagan zarba berdi — mintaqada taranglik avjida
13 iyun tongida Yaqin Sharq yana bir bor xavfli burilish ostidan o‘tdi. Isroil harbiy-havo kuchlari Eron hududidagi bir qator muhim harbiy va fuqarolik obyektlariga keng ko‘lamli zarbalar yo‘lladi. Hujumlar Tehron, Natanz, Tabriz, Qum, Isfahon, Kirmonshoh, Hamadon kabi strategik shaharlarga qaratildi. Bu haqda xalqaro OAVlar keng yoritmoqda.

Yahudiy davlati hukumatiga ko‘ra, ushbu amaliyotning asosiy sababi Eron yadroviy qurol yaratish ostonasiga yetib kelgani bo‘ldi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu o‘z chiqishida «boshqa chora qolmagani»ni ta’kidlab o‘tdi.

Katta yo‘qotishlar va muhim shaxslarning o‘limi

Eron rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, zarbalar natijasida bir qator yuqori martabali harbiylar va ilm-fan vakillari hayotdan ko‘z yumgan. Jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni Husayn Salomiy, Eron Qurolli Kuchlari shtabi rahbari Muhammad Bag‘iriy va yadro sohacidagi yetakchi olimlar halok bo‘lgan. Ommaviy axborot vositalari tinch aholi orasida ham jabrlanuvchilar borligini ma’lum qilmoqda.

Eronning javob harakati va xavfsizlik choralari

Javob sifatida Eron yuzlab dronlarni Isroil hududiga yo‘llagan. Bundan so‘ng Isroil favqulodda holat e’lon qilib, havo hududini yopdi va aholini panohgohlarda qolishga chaqirdi. Bosh vazir Netanyahu «amaliyotning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi», deya ta’kidladi.

Vashington–Tehron muzokarasi ortidagi zarba

Ajablanarlisi, ushbu hujum AQSH va Eron o‘rtasidagi yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan paytda sodir bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Tramp bu amaliyotdan avvaldan xabardor bo‘lganini aytdi, biroq Amerika unda ishtirok etmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Isroilni himoya qilishga tayyor ekanini ham bildirdi.

Netanyahu uchun siyosiy chiqish yo‘limi?

Tahlilchilar fikricha, Netanyahuning bunday tajovuzkor siyosat yuritishi uning ichki siyosiy bosimlarini yengillashtirishga qaratilgan. Iqtisodiy muammolar, korrupsiya mojarolari va G‘azo inqirozidan charchagan aholi orasida uning qo‘llab-quvvatlanishi keskin pasaygan. Shu bois ba’zilar bu urush u uchun siyosiy fursat deb hisoblamoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Isroil tomonidan Eronga qarshi o‘tkazilgan yashirin operatsiyalar soni ortib bormoqda. Esingizda bo‘lsa, 2020 yilda yadro olimi Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgan, 2021 yilda esa Natanzda portlash ro‘y bergandi — bu ham “Mossad” xizmati bilan bog‘langan.

Xulosa qilib aytganda, Yaqin Sharqdagi murakkab siyosiy manzara yanada chigallashmoqda. Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan sari, butun mintaqa tinchligi tahdid ostida qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Eronga kutilmagan zarba berdi — mintaqada taranglik avjida